Superligada yaqqol autsayder – "Mash'al" ortda qolgan 11 turning barchasida mag'lubiyatga uchrab antirekord o'rnatgan edi. Yozgi yig'inda jamoada o'zgarish bo'lishi kutildi va bu o'zgarish qachonki, 12-turga yaqin amalga oshirildi. Bosh murabbiy roliga Sergey Lushan taklif qilindi. Tarkibda ham yangi ijrochilar paydo bo'la boshladi.
Lushanning debyut o'yini "Qo'qon-1912"ga qarshi kechdi va unda muborakliklar 1:0 hisobida g'alaba qozonib, 11 o'yinlik uzluksiz mag'lubiyatli seriyasiga chek qo'ydilar. Sergey Lushanning ham qadami qutlug' keldi.
Murosasiz uchrashuvdan keyin "Mash'al"ning yangi ustozi ilk matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- "Bu ham biz uchun, ham raqib uchun og'ir o'yin bo'ldi. Ob-havo sharoiti ham o'z ta'sirini o'tkazdi. Jamoamiz haqida gapiradigan bo'lsam, yigitlar biz talab qilgan vazifalarni bajarishdi. Albatta, hozir biz futbolchilar bilan endi tanishyapmiz. Qanday futbol o'ynashimiz keyinroq ma'lum bo'ladi. Ammo bugungi o'yinda ko'rishni istagan narsalarimizni ko'rdik. Yigitlar barakalla, g'alabani saqlab qolishdi. Menimcha, bu munosib va haqli g'alaba bo'ldi.
- Jamoaga legioner darvozabon jalb qilingan, ammo u bugun tarkibda yo'q edi. Buning sababi nimada? Nega u asosiy tarkibda maydonga tushmadi?
- Chunki biz uni o'yinga tayyorlash imkoniga ega bo'lmadik. Faqat kecha kechqurun uning o'ynashi uchun ruxsat berildi. Ariza masalasi bilan bog'liq kechikish bo'ldi. Shu sababli oxirgi uch kun davomida To'xtaboyevni tayyorladik. Har narsaning o'z vaqti bor, biz shoshilmayapmiz. Oldinda yana 18 ta o'yin bor. O'ylaymanki, barcha futbolchilar o'z imkoniyatini oladi. Ta'vim juda og'ir. Har qanday ochko yo'qotish biz uchun katta zarar. Biz faqat oldinga intilamiz, orqaga chekinish yo'q. Shuning uchun legionerlar ham, mahalliy futbolchilar ham o'ynaydi. Tarkibni almashtirib turamiz. Umid qilamanki, bu o'yin sifatiga salbiy ta'sir qilmaydi. Qisqasi, birinchi qadamimiz omadli chiqdi. Buning o'zi ham yaxshi. Endi oldinga harakat qilamiz.
- Tahlilsiz ishlash qiyin. Tabiiyki, siz ham jamoani tahlil qilgansiz. "Mash'al" birinchi davrada birorta ham g'alaba qozona olmadi. Sizningcha, jamoa nega 11 tur davomida g'alaba qozona olmagan?
- Buni men tushuntirib bera olmayman. Chunki men o'sha o'yinlarning birortasini ham ko'rmaganman. Albatta, murabbiylarni ham, futbolchilarni ham ayblash mumkin. Lekin jamoa 11 tur davomida g'alaba qozona olmagan bo'lsa, demak bu tizimli muammo bo'lgan. Faqat murabbiylar shtabiga aybni ag'darish noto'g'ri. Mendam oldin nima bo'lganini bilmayman. Bu men uchun muhim ham emas. Mening o'z vazifalarim bor. Shuning uchun avvalgi holat bo'yicha fikr ham bildira olmayman.
- "Mash'al" kabi qiyin ahvoldagi jamoaga kelishingizga nima turtki bo'ldi va oldingizga qanday vazifa qo'yilgan?
- "Mash'al"dagi asosiy vazifa — jamoani Superligada saqlab qolish. Menimcha, buni amalga oshirish mumkin. Bajarıb bo'lmaydigan ishning o'zi yo'q. Shu maqsad sari intilamiz. Ikkinchi vazifa esa raqobatbardosh jamoa shakllantirish. Ya'ni, mavjud futbolchilar bilan nimalarga erishish mumkinligini ko'rish va klub rahbariyati qo'yadigan vazifalarni bajara oladigan jamoa tuzish. Albatta, yangi futbolchilar ham jalb qilinadi, kuzatuvlar olib boriladi, zarur bo'lsa, zaxira o'rindig'ini ham sifatli ijrochilar bilan kuchaytirishga harakat qilamiz. Rostini aytsam, bu yerga kelayotganimda futbolchilarning saviyasi haqida savollarim bor edi. Ammo bugun yigitlar o'zlarini yaxshi tomondan ko'rsatishdi. Demak, muammo ularning iqtidorida emas ekan. Ayrim jihatlarni to'g'rilab qo'ydik. Endi ko'ramiz, keyin nima bo'ladi. Keyingi o'yinimiz to'rt kundan keyin. Agar hammasi joyida bo'lsa, katta o'zgarish qilmaymiz. Agar biror narsa o'xshamasa, yangi futbolchilar izlaymiz. Futbol hayoti shunday.
- "Mash'al"dagi legionerlarning salohiyatini qanday baholaysiz?
- Legionerlar bilan ishlayapmiz. Ularning sifati haqida hozir aniq fikr ayta olmayman. Chunki ularni men tanlamaganman. Men endi keldim, menga mavjud tarkib berildi. Shuning uchun hozircha ular haqida baho berishim qiyin", - deya bosh murabbiyning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Sergey Lushan: "Rostini aytsam, bu yerga kelayotganimda futbolchilarning saviyasi haqida savollarim bor edi"
Eksklyuziv
17 iyul, 14:30
"Mash'al" ustozi "Qo'qon-1912" bilan bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Фото: Tribuna.uz
17.07.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Mashal
1
:
0
Qo'qon-1912