"Qo'qon-1912" jamoasining G'uzorga safari omadli bo'lmadi. Ular bu yilgi Superligada barcha o'yinlarda yutqazib kelayotgan "Mash'al"ga qarshi maydonga tushishdi.
E'tiborli jihati, qo'qonliklar hali bir ochkosi ham bo'lmagan jamoaga mag'lub bo'ldi va uyiga quruq qo'l bilan qaytadigan bo'ldi.
Uchrashuvdan so'ng "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi uchrashuv borasida nimalar deya olasiz?
- "Bizning bugungi raqibimizda murabbiyning debyuti ekanligi tushunarli edi. Hammasini yigitlarga tushuntirgan va gaplashgan edik. "Mash'al" ikkinchi raqamda o'ynaydi. Hatto shu vaziyatda ham gapirmoqchi emasman, tanaffusimiz bo'lgani, hamma bir xil sharoitda bo'lgani, bugun biroz havo dim bo'lgani haqida – hamma baribir bir xil sharoitda edi.
Futbol shunaqa o'yin-ki, u xatolarni kechirmaydi. Futbol o'zi xatolardan iborat. Bizda birinchi taymda yuz foizlik vaziyatlar bo'ldi, biz ularni golga aylantira olmadik. Ikkinchi taymda yana bir yuz foizlik vaziyatimiz bo'ldi. "Sen gol urmasang, senga urishadi" deyishadi-ku, o'sha narsa bo'ldi. Biroz muvozanatni, diqqatni yo'qotdik. Hammasi doim shunday bo'ladi, doim ko'p vaziyatlar yuz beradi, deb o'yladik. Imkoniyatlar ba'zan kam bo'ladi. Ba'zan bir o'yinda bor-yo'g'i bitta vaziyat yuzaga keladi. "Mash'al"da o'sha vaziyat bo'ldi va biz ularga imkon berdik. Agar biz birinchi golni urganimizda, o'ylaymanki, ikkinchi va uchinchi gollarni ham urgan bo'lardik. Hozir kuchliroqmiz, deyish qiyin, natija ko'rinib turibdi – "Mash'al" 1:0 hisobida yutdi, biz hech narsa qila olmadik.
Zaxiradan futbolchilar tushishdi, ularning ham har birida bittadan yuz foizlik vaziyat bo'ldi, ikki-uch metrdan bo'sh darvozasini ishg'ol qila olmadik. Bilmayman, yana murabbiy aybdordir? Har doimgidek bizda gapirishni yaxshi ko'rishadi: "Murabbiy aybdor". Nahotki, shuncha yuz foizlik vaziyatlarni golga aylantira olmaganimiz uchun ham murabbiy aybdor bo'lsa?
- Yangi futbolchilarni jamoaga jalb etishdan ko'zlangan maqsadga erishildimi?
- Bugun darvozabonimizning ishi deyarli bo'lmadi, lekin prinsip bo'yicha xatosiz ishladi. U yerda hech qanday muammo tug'dirmadi, normal, sifatli darvozabon. Shunday o'yin vaziyatlari bo'ladiki, darvozabon yordam bera olmaydi, lekin bugun, yana bir bor qaytaraman, uning ishi ko'p emasdi. Ikkinchi himoyachini olgan bo'lsak-da, uni bugun maydonga tushirmadik. Biz bor-yo'g'i ikkita transfer qildik: himoyachi va darvozabon. Shuning uchun bugun faqat darvozabon debyut qildi. Birinchi qadam qiyin bo'ldi.
- Hozir sizda asosiy maqsad nima? Superligada qolishmi yoki Kubokmi?
- Vazifa shunaqa: har bir o'yinga chiqish va yutish, yutqazmaslik kerak, birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha munosib o'ynash, ijobiy natija ko'rsatish va jadvalda 5-6 pog'ona yuqoriroq bo'lish. Men bu yerga kelganimda ham rahbariyatga, ham futbolchilarga aynan shuni ta'kidlaganman: oldingi natijadan 15-20 foizga yaxshiroq natija ko'rsatish kerak.
Hozircha o'xshamayapti. Futbolchilar yig'ilgan, muayyan o'yin bor, lekin bizga doim nimanidir yetishmasligi xalakit beryapti. Bugun jamoamiz yutishi kerak edi, deb ayta olmayman. Lekin bu yana bir xatoning narxi. Ayta olaman-ki, bizda sifatli hujumchi bor va u ham birinchi, ham ikkinchi taymda gol urishi kerak edi. Vazifalarimiz shundan iborat. Katta rahmat", — deya Shipilovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.