Bugun
18
O'zbek

Mirko Yelichich: "Durang adolatli bo'ldi, deb o'ylayman"

Eksklyuziv
17 iyul, 15:41
"Lokomotiv" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Mirko Yelichich: "Durang adolatli bo'ldi, deb o'ylayman"
Фото: Локомотив ПФК
17.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent 1 : 1 Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent

Superliganing 12-turida muxlislar Toshkent derbisiga guvoh bo'ldilar. "Paxtakor" va "Lokomotiv" klublari o'rtasidagi bellashuv 1:1 hisobida yakun topdi va unda g'olib aniqlanmasdan qoldi.

Ushbu o'yindan keyin "Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Avvalo, yana futbol qaytganidan xursandmiz. Ikki oylik tanaffusdan keyin rasmiy o'yinlarga qaytish juda yaxshi bo'ldi. Bugungi bahs og'ir kechdi. "Paxtakor"ni tabriklayman. Bu kabi issiq ob-havoda har ikki jamoa ham yaxshi harakat qildi, katta kuch sarfladi. Maydonda yaxshi vaziyatlar ham, keskin kurashlar ham ko'p bo'ldi. Birinchi o'yin uchun natijadan qoniqish mumkin. Endi keyingi bahslarga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

- O'yin haqida yana nima deya olasiz?

- Menimcha, bugun har ikki jamoa ham uch ochkoni qo'lga kiritishi mumkin edi. O'yin davomida imkoniyatlar bo'ldi, lekin ulardan to'liq foydalana olmadik. Agar butun o'yinga nazar tashlasak, durang natija adolatli bo'ldi, deb o'ylayman.

- Muhiddin Zoirov va Turg'unboev haqida fikringiz?

- Har qanday futbolchini yo'qotish afsus. Lekin ular baribir ikkinchi davrada ko'p o'yin amaliyotiga ega bo'lmasdi. Deyarli yarim mavsum o'tib ketdi, ular kam o'ynashdi. Shuning uchun boshqa jamoada ijara asosida o'ynash imkoniyatini izlashlari to'g'ri qaror bo'ldi. Bizda avval ham shunday holatlar bo'lgan. Bu futbolning bir qismi. Agar futbolchiga ko'proq o'yin amaliyoti kerak bo'lsa, klub uning manfaatini ham hisobga olishi lozim.

- Anzur Ismoilovning kelajagi haqida nima deysiz?

- Bu ko'p jihatdan Anzurning o'ziga bog'liq. U juda yaxshi inson, mehnatkash yigit. Bizga u bilan ishlash yoqadi. Hozir uning hayotida yangi bosqich boshlanmoqda va buning uchun unga vaqt kerak. Biz bilan kelishuvi bor: imkoni bo'lsa, ishlaydi va jamoaga yordam beradi. Agar boshqa ishlari chiqib qolsa, biz buni ham tushunamiz.

- Bugun markaziy himoyada yosh futbolchi o'ynadi. Bu vaqtinchalik qarormi?

- Ha, bu vaqtinchalik qaror. U bir nechta pozitsiyada o'ynay oladigan universal futbolchi. Ilgari ham markazda, ham qanotda o'ynatganmiz. U jismonan kuchli, tezkor va harakatchan. Lekin biz futbolchilarni o'z tabiiy pozitsiyalaridan tez-tez siljitishni istamaymiz. Har kimning o'z o'rni bor va o'sha yerda o'ynagani ham jamoa, ham futbolchining o'zi uchun yaxshiroq. Ammo ayrim vaziyatlarda majbur bo'lamiz. Bugun Kucherenko belidagi og'riq sababli o'ynay olmadi. Anzur ham so'nggi ikki haftada to'liq mashg'ulot o'tkazmagani uchun uni bu pozitsiyada o'ynata olmadik. Shuning uchun yosh futbolchiga ishonch bildirdik.

- Yangi kelgan futbolchilar haqida fikringiz?

- Ular yaqinda qo'shilishdi. Uzoq vaqt o'yin amaliyotisiz qolishgan, shuning uchun jismoniy holatlarini tiklash va jamoamizning o'yin uslubiga moslashish uchun vaqt kerak. Lekin ularning sifatiga shubham yo'q. Hamma ularning imkoniyatlarini yaxshi biladi, ayniqsa hujumda va yakkakurashlarda. Faqat futbol bu bilan cheklanmaydi. Biroz vaqt o'tgach, ular bizga katta foyda keltiradi, deb o'ylayman. Qanchalik yordam bera olishi esa albatta, o'zlariga ham bog'liq.

- Suhrob Nurulloyevning ahvoli qanday?

- Hammayoq yaxshi. Faqat kichik jarohati bor edi. Biroz mashg'ulotlarni o'tkazib yubordi. Lekin, menimcha, keyingi o'yinga tayyor bo'ladi", - deya Yelichichning so'zlaridan keltiradi, Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar