MLS rahbariyati «Inter Mayami»ga nisbatan tekshiruv boshladi. Bu haqda The Athletic xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, liga klubni futbolchilar bilan muzokara olib borish qoidalarini buzgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmoqda. Gap braziliyalik yarimhimoyachi Kazemironing transferi haqida ketmoqda.
Ta'kidlanishicha, Kazemiro bilan muzokara olib borish bo‘yicha ustuvor huquq dastlab «Los-Anjeles Gelaksi»ga tegishli bo‘lgan. Agar tekshiruv yakunida qoidabuzarlik aniqlansa, «Inter Mayami» klubidan «Los-Anjeles Gelaksi»ga tovon puli undiriladi. Kompensatsiya miqdori tekshiruv natijalari e'lon qilingach belgilanadi.
Shu bilan birga, «Inter Mayami» Kazemiro bilan shartnoma imzolaganini rasman tasdiqladi. Tomonlar o‘rtasidagi bitim 2027 yil yozigacha amal qiladi va uni 2029 yilgacha uzaytirish imkoniyati ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kazemiro o‘tgan mavsum «Manchester Yunayted» safida 33 ta bahsda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va jamoaning Angliya Premyer-ligasida uchinchi o‘rinni egallab, UEFA Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga hissa qo‘shdi. Shuningdek, u «Real» safida besh bor UEFA Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangan, Braziliya milliy jamoasi safida esa 91 ta bahs o'tkazgan.