Live
2
O'zbek

Islom Ahmedov: "Har jabhada yutqazib qo'ydik"

Eksklyuziv
18 iyul, 16:19
"Andijon" ustozi jamoasining mag'lubiyati haqida gapirdi.
Islom Ahmedov: "Har jabhada yutqazib qo'ydik"
Фото: Андижон ПФК
18.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Andijon Andijon 1 : 2 Surxon Surxon

Superliganing 12-turidagi so'nggi o'yinlardan biri Andijondagi "Bobur arena" stadionida bo'lib o'tdi. Unda "Andijon" Termizning "Surxon" klubini qabul qildi. Qiziqarli o'tgan uchrashuv 1:2 hisobida mehmonlarning g'alabasi bilan yakunlandi. O'yindan keyin mezbonlar ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Islom G'ulomovich, avvalo ushbu bellashuv borasidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

- O'yinga keladigan bo'lsak, mag'lubiyatga uchradik. Ruhiy tomondan o'yinchilarimizni yaxshi tayyorlay olmadik, deb o'ylayman. Shu kungacha jismoniy va yana boshqa tomondan ham yaxshi edik. Yozgi yig'indan keyingi birinchi o'yin, muxlislar oldidagi bosim, g'alabaga bo'lgan javobgarlik – yuk o'yinchilarimizni bosib qo'ydi. Hammalari o'z darajasidagi o'yinni ko'rsata olmadilar. Har jabhada yutqazib qo'ydik. Asosan ruhiyat bilan bog'liq bo'ldi.

- Ikkinchi bo'limda maydon markazi deyarli "Surxon" jamoasi qo'liga o'tdi. Murabbiylar shtabi shu holatni yengishni amalga oshira olmadinglar...

- Ko'p jabhada yutqazib qo'ydik. O'yinni ko'rib chiqib, tahlil qilamiz. Ko'proq birinchi taymda o'rtani berib qo'yganga o'xshadik. Ikkinchi taymda yangi futbolchilarni, yangi kuchlarni tushirgandik, natijada hujumlar qilishni boshladik. Baribir qaerdadir o'rtani tezroq kesib o'tamiz, deya xatolikga yo'l qo'ydik. Gol urish uchun shoshildik.

- Holdorxonov, Andronikashvili, Ashortiya kabi futbolchilarni almashtirilishiga sabab nima bo'ldi? Jismoniy holatimi?

- Yo'q, jismoniy holat emas. Qaerdadir ruhiy tomondan futbolchilarni maydonga tushirib, o'yinni kuchaytirmoqchi edik. Rejamiz amalga oshmadi. Darvozamizdan to'p o'tkazdik, keyin hisobni tenglashtirdik. Afsuski, yana o'z xatoimiz bilan gol o'tkazib yubordik. Endi sovuq kallaga o'yinni ko'rib, har bir epizodni tahlil qilamiz.

- Uchrashuvda markaziy, qanot himoyachilari oldingi paytlardagidek yaxshi o'yin o'tkaza olishmadi. Bu holatga munosabatingiz qanday?

- Aytganimdek, ruhiyat bilan bog'liq. Ancha tanaffusdan keyingi uyimizda o'tgan birinchi o'yin. Muxlislarimiz uchun tezroq gol urib, ularni xursand qilish maqsadida shoshilishlar va shunday holatlar ro'y berdi. Natijada xato ketidan xato kelib chiqaverdi. Shuning uchun hech bir chiziqda o'yinimiz o'xshamadi.

- Transfer oynasi ochildi. Potapovni, Neymatxonovni ko'rdik. Ular klubga qabul qilindimi? Yana yangi o'yinchilarni jalb qilish masalasi qachongacha davom etadi?

- Ba'zi-bir chiziqlarimizni raqobat tomonidan kuchaytirishimiz kerak. FIFA tomonidan taqiq qo'yilgandi. Lekin rahbariyatimiz buni yechishdi. Faqat FIFA'dan ruxsat kelishi kerak, shuni kutyapmiz. Shunda futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazamiz. Hujum chizig'ini kuchaytirish uchun ham o'yinchilar bilan gaplashyapmiz. Biroq biz xohlagan futbolchilarni o'z jamoalari bor va ularni olishimiz qiyinroq kechyapti.

- Ijtimoiy tarmoqlarda Sherzod Esanov bilan Rustam Turdimurodovga "Andijon" jamoasi qiziqish bildirganligi haqida yozishdi. Haqiqatan taklif bilan chiqilganmi?

- Ular bilan qiziqib gaplashdik. Aytganimdek, ularni o'z klublari bilan shartnomalari borligi uchun jamoamizga jalb qilish biroz qiyin bo'lyapti.

- 22 iyul kuni "Andijon"ni Toshkentda "Lokomotiv"ga qarshi o'yin kutmoqda. Oraliq kun qisqa va bu muddat davomida jamoani tiklash qanday olib boriladi?

- Tiklanish jarayonini hozir, yechinsh xonasidanoq boshlaganmiz. Ertaga tushlikdan keyin yig'ilib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz" - deya bosh murabbiyning so'zlaridan keltiradi, Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Surxon Surxon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar