Navoiyning «Qizilqum» jamoasi o'z uyida «Dinamo»ni qabul qildi. Mezbonlar tarkibida ancha o'zgarishlar kuzatilmoqda va yangi bosh murabbiy Jamshid Saidovning debyut o'yini ham edi. Biroq maydon egalari samarqandliklarga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. O'yindan keyin navoiyliklar ustozi Jamshid Saidov qator savollarga javob qaytardi
«Assalomu alaykum. Nima ham deyish mumkin? Ikki oylik tanaffusdan keyingi ilk o'yinimizni o'tkazdik. Afsuski, birinchi bo'lim biz uchun umuman o'xshamadi. Bu haqida aytadigan ijobiy gap yo'q. Yigitlar issiqni bahona qilishyapti, ammo har qanday holatda ham birinchi bo'limda jamoamiz maydonda deyarli ko'rinmadi. Qo'pol xatolarga yo'l qo'ydik va natijada birinchi bo'limni 0:2 hisobida yakunladik. Ikkinchi bo'limda o'yinimizni qayta tashkil qildik. Jamoa o'zini o'nglab oldi va ancha yaxshi futbol ko'rsatdi. Afsuski, yaratilgan imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Har holda hayot davom etadi. Oldinda yana o'yinlar bor. O'ylaymanki, o'yindan-o'yinga kuchayib, ochkolar jamg'arib boramiz.
- Hozirgi kunda «Qizilqum» jamoasi tarkibi yomon emas. Lekin transfer oynasi hali yopilgani yo'q. Selektsiya ishlari davom etadimi yoki tarkib to'liq shakllantirildimi?
- Albatta, ikkinchi davra juda og'ir kechadi. Barcha jamoalar birinchi davrada bir-birini yaxshi o'rganib bo'ldi. Kimdir tarkibini kuchaytirdi, kimdir esa yo'q. Endi haqiqiy kurash boshlanadi. Ayniqsa, turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalar mavsum oxirigacha har bir ochko uchun kurash olib boradi.
Masalan, «Mash'al» birinchi o'yindayoq g'alaba qozonib, o'z xarakterini namoyon qildi. «Dinamo» ham yaxshi o'yin ko'rsatmoqda. Menimcha, bu kurash mavsum oxirigacha davom etadi. Barcha jamoalar g'alaba qozonish va turnirdagi o'rnini yaxshilash uchun maydonga tushadi. Selektsiya ishlari hamon davom etmoqda. Yaqin kunlarda yana ikki-uch nafar futbolchi jamoamizga qo'shiladi, deb o'ylayman. Transfer oynasi 10 avgustgacha ochiq. Shu yo'nalishda ishlayapmiz va tarkibimiz yana yangi futbolchilar bilan to'ldiriladi.
- Birinchi bo'limda jamoa umuman hujum qilmaganday tuyuldi. Faqat ikki hujum zarba bilan yakunlandi, xolos. Ikkinchi bo'limda esa butunlay boshqa jamoani ko'rdik. Tanaffusda futbolchilarni qattiq ruhlantirdingizmi yoki bu taktik reja edimi?
- Rostini aytsam, birinchi bo'limda men ham o'z jamoamni tanimadim. Biz beshta ketma-ket uzatmani ham amalga oshira olmadik. Doimo to'p uchun kurashdik. Agar to'pni nazorat qila olmasangiz, xohlaysizmi-yo'qmi, himoyalanishga majbur bo'lasiz. Shuning uchun birinchi bo'limdagi o'yinimizni tushuna olmadim. Futbolchilar issiqni sabab qilib ko'rsatishdi. Ammo raqib ham xuddi shunday sharoitda o'ynadi. «Dinamo» ham shu havoda maydonga tushdi. Shuning uchun buni faqat issiq bilan izohlab bo'lmaydi.
Ikkinchi bo'limda yigitlar o'zlarini tiklab olishdi, vaziyatni anglashdi va ancha yaxshi o'yin namoyish qilishdi. Hisobni tenglashtirish imkoniyati ham bo'ldi. Ammo vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Tanaffusda ularni alohida ruhlantirdingizmi, degan savolga javobim — yo'q. Ular o'zlari xulosa chiqarishdi va ikkinchi bo'limga boshqacha kayfiyat bilan chiqishdi.
Men ulardan minnatdorman. Har qanday holatda ham jamoa uchun asosiy mas'uliyat murabbiy zimmasida bo'ladi. Agar jamoa mag'lub bo'lsa, demak, murabbiy ham mag'lub bo'lgan hisoblanadi. Endi xatolarimiz ustida ishlaymiz, sabablarini tahlil qilamiz. Keyingi o'yinga vaqt kam. Navbatdagi bahsimiz safarda bo'ladi. Shu vaqt ichida birinchi bo'limdagi kamchiliklarimiz sababini aniqlab, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.
- Standart vaziyatlarning birortasi ham samara bermadi. Mashg'ulotlarda bu jihat ustida ishlamaysizlarmi?
- Nega ishlamaymiz? Standart vaziyatlardan ko'plab imkoniyatlar yaratdik. Faqat hal qiluvchi zarba va yakunlovchi harakat yetishmadi. Bugungi kunda standart vaziyatlar ustida barcha jamoalar ishlaydi. Biz ham ishlaymiz.
Afsuski, bugun imkoniyatlardan foydalana olmadik. Ayrim vaziyatlarda kurashda yutqazdik, ba'zi holatlarda kechikdik. Lekin standart vaziyatlarning o'zida muammo bo'ldi, deb aytmayman. Imkoniyatlar bo'ldi, ammo ulardan foydalana olmadik. Qaysidir joyda kechikdik, qaerdadir tezkor qaror qabul qila olmadik, ayrim holatlarda esa diqqatni bir lahzaga yo'qotdik.
Balkim, bu yozgi tanaffusdan keyingi birinchi o'yini bo'lgani uchun hayajon ham ta'sir qilgandir. Lekin yana takrorlayman, birinchi bo'limda jamoamizni maydonda ko'rmadim. Ikkinchi bo'lim esa ancha yaxshi o'tdi. Shu yo'nalishda ishlashda davom etamiz.
«Dinamo» himoya va yarimhimoya chizig'ini uzun uzatmalar orqali tez yorib o'tdi va birinchi bo'limda aynan shu orqali ikki gol urdi. Biz raqibni yaxshi o'rgangan edik. Ayrim futbolchilari o'yin taqdirini hal qilishi mumkinligini bilardik. Masalan, Xo'jimirzayev va Amonovga alohida e'tibor qaratgan edik. Ammo afsuski, aynan ular o'yinni hal qilishdi.
Albatta, biz tomondan ham xatolar bo'ldi. Ayrim vaziyatlarda kechikdik, ba'zi joylarda to'g'ri harakat qila olmadik. Bularning barchasini yana tahlil qilamiz va birinchi bo'limda nima uchun bunday o'ynaganimizning sabablarini aniqlashga harakat qilamiz.
Oldindagi barcha o'yinlar juda og'ir bo'ladi. Endi oson o'yinning o'zi yo'q. Ayniqsa, ikkinchi davrada har bir uchrashuv juda murakkab kechadi. Jamoani yanada kuchaytirishimiz, ishlashda davom etishimiz kerak. Qarang, chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar ham mag'lubiyatga uchramoqda.
Demak, hech kim uchun oson emas. Ikkinchi davrada har bir ochko oltin qiymatiga ega. Turnir jadvali juda zich. Bir g'alaba sizni yuqoriga ko'taradi, bir mag'lubiyat esa pastga tushirib yuboradi. Shuning uchun har bir ochko uchun kurashamiz. Xudo xohlasa, kerakli ochkolarni jamg'aramiz. Biz ishlashda, xatolarni bartaraf etishda va jamoani yanada yaxshilashda davom etamiz» - deya Saidovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.