Jahon chempionatining uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsida Angliya milliy jamoasi Frantsiyani 6:4 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Angliyaliklar bahsni juda faol boshladi. Deklan Rays 3-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 18-daqiqada Ezri Konsa ustunlikni oshirdi. 37-daqiqada Bukayo Saka uchinchi golni urdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda esa dublini rasmiylashtirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Kilian Mbappe va Bredli Barkola hisobni 4:2 ko‘rinishiga keltirdi. 66-daqiqada Mbappe yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, oradagi farqni minimumga tushirdi.
Biroq 87-daqiqada Saka penaltidan unumli foydalanib, xet-trik qayd etdi. Frantsiya Usmon Dembele orqali yana bitta gol urgan bo‘lsa-da, 90+8-daqiqada Jud Bellinghem bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Shu tariqa, Angliya JCH-2026ning bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Frantsiya musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.
JCH-2026. 3-o‘rin
Frantsiya - Angliya 4:6
Gollar: Rays 3 (0:1), Konsa 18 (0:2), Saka 37 (0:3), Saka 45+1 (0:4), Mbappe 48 (1:4), Barkola 54 (2:4), Mbappe 66 (3:4), Saka 87, pen. (3:5), Dembele 90+6 (4:5), Bellinghem 90+8 (4:6).
Frantsiya: Menyan, Gyusto (Kunde 90+1), Konate (Upamekano 46), Lakrua, Ernandes (Din 46), Sherki (Dembele 46), Rabo, Due (Barkola 46), Zair-Emeri, Olise, Mbappe.
Angliya: Xenderson, Kuansa (Jeyms 83), Konsa, Spens, Gexi (Chaloba 90+3), Rojers, Rays, Eze (Bellinghem 79), Saka, Reshford (Uotkins 46), Toni (Anderson 79).

Foto: FIFA
90+8' Jud Bellinghem bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
90+6' Dembeledan gol!
87' GOL! Saka penaltini aniq amalga oshirib, xet-trik qayd etdi. Shuningdek, to‘plar farqi ikkita...vaqt esa juda oz qolmoqda.
81. Frantsiya milliy jamoasining xavfli hujumi oxiriga yetmay qoldi. Ular raqib jarima maydonchasi ichida pas o‘ynab, raqibni shoshirib qo‘ydi, ammo oxirgi zarba noaniq bo‘ldi.
80' Angliyada o‘zgarish: Eze o‘rniga Bellinghem maydonga tushdi.
77' Frantsiyaning maydondagi ustunligi davom etmoqda, hisobda esa inglizlar oldinda.
75' Oliseda ajoyib imkoniyat paydo bo‘ldi. U qanotdan uzatilgan to‘pni chap oyog‘i bilan darvozaning uzoq burchagiga yo‘lladi, biroq noaniq.
66' Vay, vay, vaaaay! Yana gol!!! Yana Mbappe! To‘plar farqi atigi bittaga yetmoqda! Qoyil Frantsiya! Kilianning mundialdagi gollari esa 22 taga yetdi
54' GOOOL! Mana sizga gollar shousi! Barkola ham tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. Nahotki super kambek ko‘rsak-a?
49' GOL! 2-bo‘limni frantsiyaliklar faol boshlashdi. Natijada Kilian Mbappe hisobdagi farqni bittaga qisqartirdi
45+4' Tanaffus!
45+1' 4:0!!! 45+1-daqiqada Saka dubl qayd etib, frantsiyaliklarni shu ondaoq «tiz cho‘ktirib» qo‘ydi!
37' GOOOL! Ochiq futbol guvohiga aylanayapmiz. Angliya va Frantsiya ketma-ket qarshi hujumlar tashkil etishdi, ammo inglizlar sifatliroq o‘ynashdi va hisob 3:0 ko‘rinishiga keldi. Saka!
33' Reshford to‘pni raqib oyog‘i ostidan o‘tkazib, superzarba ijro etdi, ammo Menyan Gollivud sahnalariga mos golni yo‘qqa chiqardi.
30' Frantsiyaliklar to‘pga ko‘proq egalik qilishga urinishyapti, ammo hujumdagi tezkor futbolchilar gol urishga harakat qilib, to‘pni tez oldirib qo‘yishyapti.
18' GOL! 2:0! Sakaning o‘ta xavfli zarbasidan so‘ng burchak to‘pi belgilandi. Burchak to‘pini Rays amalga oshirdi va Konsa boshi bilan hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
14' Mbappe jarima maydonchasiga yorib kirdi, ammo uzatmasini himoyachilar qaytarishdi.
11' GOOOL! Saka hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgandi, ammo yon hakam bayroqchasini ko‘tarib, ofsayd borligini ko‘rsatdi.
11' Sherkining xavfli zarbasi Xenderson tomonidan bartaraf etildi.
9' Angliya avvalgi o‘yinlar kabi birinchi raqam bo‘lib o‘ynayapti, Frantsiya esa qarshi hujumlarga tayanmoqda.
7' Reshfordning o‘ta xavfli zarbasi himoyachiga tegib, maydonni tark etdi.
3' GOOOL! Deklan Rays uzoq masofadan Menyan darvozasini ishg‘ol qildi.
1' O‘yin boshlandi. Bugun tarkiblar kutilganidek emas, chunki ikkala jamoa ham mundialga kamida final uchun kelgan edi. Murabbiylar tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirishgan va bu Angliyaga yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi