Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel JCh-2026 uchinchi o‘rin uchun Fransiyaga qarshi bahs boshlanishidan oldin muxlislar tomonidan hushtakbozlik bilan kutib olindi.
Mayamidagi «Hard Rock» stadionida mutaxassisning ismi e'lon qilinib, suratlari katta ekranda namoyish etilgan paytda tribunadagi muxlislar norozilik sifatida hushtak chalishdi.
Mazkur uchrashuv vaqtida Angliya Deklan Rays va Ezri Konsaning gollari evaziga ilk bo‘limda 2:0 hisobida oldinda bormoqda.
Fransiya JCh-2026 yarimfinalida Ispaniyaga 0:2, Angliya esa Argentinaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, jamoalar uchinchi o‘rin uchun bahs olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Tomas Tuxelning Angliya milliy jamoasidagi faoliyati so‘nggi natijalar fonida keskin tanqid qilinmoqda. Shunga qaramay, avvalroq Angliya futbol assotsiatsiyasi germaniyalik mutaxassisni qo‘llab-quvvatlayotgani va uni Yevro-2028gacha bosh murabbiy sifatida saqlab qolishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan.