Fransiya milliy jamoasi vingeri Maykl Olise JCh-2026 uchinchi o‘rin uchun Angliyaga qarshi bahsda tarixiy natijaga erishdi.
24 yoshli futbolchi uchrashuvda golli uzatma muallifiga aylandi va ushbu mundialdagi assistlari sonini 6 taga yetkazdi.
Opta statistik portaliga ko‘ra, Olise shu tariqa Pelega tegishli rekordni takrorladi. Braziliyalik afsona 1970 yilgi jahon chempionatida ham bitta mundial davomida 6 ta assist qayd etgan edi.
Qayd etilishicha, assistlar statistikasi 1966 yildan buyon yuritib kelinadi va shu davr ichida biror futbolchi bitta jahon chempionatida bundan ko‘proq golli uzatma amalga oshira olmagan.
Eslatib o‘tamiz, Angliya va Fransiya o‘rtasidagi JCh-2026 uchinchi o‘rin uchun bahsning ikkinchi bo‘limida inglizlar 4:2 hisobida oldinda bormoqda. Olise esa turnir davomida Fransiya milliy jamoasining eng samarali futbolchilaridan biri bo‘lib kelmoqda.