Superliganing 14-turi davom ettirildi. «Bobur arena» stadionida «Andijon» hamda «Buxoro» o‘rtasidagi uchrashuv qiziqarli va murosasiz tarzda o‘tdi.
O‘yinning asosiy voqealari tanaffusdan keyin yuz berdi. Maydon egalari raqib darvozasiga javobsiz ikkita gol urgan holda g‘alabani mustahkamladi va o‘z hisobiga uch ochkoni yozib qo‘ydi.
Ushbu bahsdan keyin «Buxoro» bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida mag‘lubiyat haqida gapirdi.
- Hisobni o‘zgartirish uchun oldinga chiqishga majbur bo‘ldi. Shunda raqibda bo‘sh hududlar va vaziyatlar ko‘paydi. Umuman olganda, kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Afsuski, hujumda o‘yinimiz chiqmadi. Aslida hisob 0:0 bo‘lganida gol urishimiz mumkin bo‘lgan bitta yaxshi imkoniyat yaratdik. Lekin undan foydalana olmadik. Shu bois hujumdagi rejamiz ishlamadi, qarshi hujumlarga ham samarali chiqa olmadik. Natijada gol o‘tkazib yubordik. Endi faqat «Andijon» jamoasini g‘alaba bilan tabriklash qoldi.
- «Buxoro» jamoasi oxirgi ikki o‘yinda yaxshi taassurot qoldirgandi. Ammo bugun avvalgi uchrashuvlarga nisbatan unchalik yaxshi o‘ynamadi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
- Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Ayting-chi, biz aynan qaerda yomon o‘ynadik? Raqib jamoa burchak to‘pidan gol urguniqacha ko‘plab xavfli vaziyatlar yarata oldimi? O‘yin juda murosasiz kechdi. Bunday bahslarda mezbonlarga ham, mehmonlarga ham oson bo‘lmaydi. Shuning uchun jamoamiz yomon o‘ynadi, deb ayta olmayman. Ha, ayrim vaziyatlardan foydalana olmadik, hujumdagi rejamiz to‘liq amalga oshmadi. Ammo, umuman olganda, futbolchilarga hech qanday e'tirozim yo‘q. Ular bor kuchini berdi, astoydil harakat qildi.
- Sobiq klubingiz - «Andijon»ning o‘yini haqida nima deya olasiz? Siz kutganingizdek bo‘ldimi?
- Bu savolni yaxshisi o‘zingizning murabbiyingizga bersangiz yaxshi bo‘lardi. Mening fikrimni so‘rayapsizmi? Hozir nima ham deya olaman? Jamoada malakali futbolchilar jamlangan. Nazariymda, jamoaning byudjeti ham katta, futbolchilarga yaxshi maosh to‘lanadi. Shuning uchun ularning o‘yini haqidagi batafsil fikrni yaxshisi o‘sha jamoa murabbiyidan so‘rang. Rahmat», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Aleksandr Xomyakov mag'lubiyatdan so'ng: «Futbolchilarga hech qanday e'tirozim yo'q»
Eksklyuziv
27 iyul, 15:00
«Buxoro» bosh murabbiyi «Andijon»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Фото: Андижон ПФК
27.07.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Andijon
2
:
0
Buxoro