"Andijon"ning Toshkentda "Lokomotiv"ga qarshi o'tgan jangovar o'yinida "burgutlar"ning so'nggi uchinchi goliga mualliflik qilgan Hamidullo Karimov Superligadagi debyut golini kiritishga muvaffaq bo'ldi.
U21 chempionatida to'purar bo'lib kelayotgan hujumchi Superligada ham gollari hisobini ochishga muvaffaq bo'ldi. U "Andijon" klubi matbuot xizmatining savollariga javob qaytardi.
- Hamidullo, "Lokomotiv"ga qarshi o'yinda asosiy jamoadagi debyut gollaringizni urdingiz. Albatta, bunga qadar Kubok bahsida ham gol urgandingiz. Ammo Superligada birinchi marta gol muallifi bo'ldingiz. Hissiyotlar qanday?
- Albatta, hissiyotlarimni so'z bilan ifodalash qiyin. Bu men uchun unutilmas kun bo'ldi. Kubok bahsida ham gol urgandim, ammo Superligadagi ilk golimning ahamiyati boshqacha. Avvalo, menga ishonch bildirgan murabbiylar shtabiga, jamoadoshlarimga va bizlarni qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga katta rahmat aytaman. Bu gol menga yanada ishonch bag'ishladi. Endi shu yerda to'xtab qolmasdan, ko'proq mehnat qilib, jamoamga yanada ko'proq foyda keltirishga harakat qilaman.
- Aslida oxirgi daqiqalarda zaxiradan tushayotganingizda nimalarni o'yladingiz? Murabbiylarning ko'rsatmasi qanday bo'ldi?
- Ha, o'yinning oxirgi daqiqalari edi va maydonga tushishim bilan jamoaga foydam tegishi haqida o'yladim. Har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Murabbiylar esa xotirjam o'ynash, hujumda faol bo'lish va raqib himoyachilariga bosim o'tkazish bo'yicha ko'rsatma berishdi. Shu vazifalarni bajarishga intildim va baxtimga gol urish nasib qildi.
- Qizig'i, siz o'rinbosarlar uchrashuvida ham bir kun oldin “Loko” darvozasini ishg'ol qilgandingiz va asosiy jamoalar bahsida ham to'p kiritdingiz. Buni kutganmidingiz?
- Ha, rostan ham qiziq holat bo'ldi. Bir kun oldin o'rinbosarlar tarkibida ham "Lokomotiv"ga qarshi gol urgandim. Albatta, ikkinchi kuni ham gol uraman, deb aniq o'ylamaganman. Lekin maydonga tushsam, jamoamga foyda keltirish va imkoniyat bo'lsa gol urish haqida o'ylagandim. Xudoga shukur, hammasi ko'ngildagidek bo'ldi. Bu men uchun katta motivasiya va kelgusi o'yinlar uchun yanada ko'proq mehnat qilishga undaydi.
- Gol urayotgan paytingizda darvozabon bilan to'qnashib ketdingiz. Jarohat jiddiy emasmi?
- Ha, o'sha vaziyatda darvozabon bilan to'qnashuv bo'ldi. Biroz og'riq sezildi, lekin hozir o'zimni yaxshi his qilyapman. Shukurki, jiddiy jarohat yo'q. Eng muhimi, jamoaga foyda keltirib, gol urishga muvaffaq bo'lganimdan xursandman
- Gollaringizni kimga bag'ishladingiz?
- Rostini aytsam, bu golni meni qo'llab-quvvatlab kelayotgan barcha insonlarga bag'ishlayman. Bu hali boshlanishi, oldinda yanada ko'proq mehnat qilib, ularni xursand qilishga harakat qilaman», - dedi Karimov.
Hamidullo Karimov: "Bu men uchun katta motivatsiya"
Futbol
23 iyul, 16:09
U "Andijon" klubi matbuot xizmatining savollariga javob qaytardi.
Фото: Андижон ПФК