Live
4
O'zbek

Temur Kapadze: "O'zimda ham savollarim ko'p"

Eksklyuziv
23 iyul, 15:36
"Navbahor" bosh murabbiyi "Qizilqum"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Temur Kapadze: "O'zimda ham savollarim ko'p"
Фото: Tribuna.uz
23.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Navbahor Namangan Navbahor Namangan 1 : 1 Qizilqum Qizilqum

Chempionat avvalida katta maqsadlarni qo'ygan "Navbahor" 5 turdan beri g'alaba qozona olmayapti. Superliganing 13-turida ko'pchilik namanganliklarni "Qizilqum" ustidan g'alaba qozonishini kutishgandi. Biroq bellashuv 1:1 hisobida yakunlandi.

Oldinda esa namanganliklarni "Neftchi"ga qarshi dahshatli vodiy derbisi kutib turibdi. Shu va boshqa savollarga "Navbahor" bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida javob qaytardi.

- Jamoaga g'alaba kerak bo'lib turgan paytda oxirgi 20-25 daqiqada sifatli hujum ko'rmadik. Negadir futbolchilar uzoqdan keraksiz zarbalarni beraverdi. Bu nima bilan bog'liq?

- Nima bilan bog'liqligini bilmadim. Ikkala bo'limda ham keraksiz xatolar ko'p bo'ldi. Ayniqsa, qarorda, to'p chiqaradigan joyda chiqarmayapmiz. Pas beradigan joyda aldashga kirishib ketyapmiz. Balki hammaga tegishli emasdir, ammo umumiy olganda, individual ko'p xatolar bo'ldi. Qanaqa o'ynashimiz kerakligi bo'yicha ko'rib chiqdik. Balki o'tgan o'yindagi ruhiyat bilan bog'liq bo'lishi ham mumkin. Xulosa chiqaramiz, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Bu ham bizga saboq bo'ldi. Albatta, yigitlar bilan ko'rib, tahlil qilamiz. Xatolar ko'p bo'ldi.

- Ruhiyat keyingi o'yin oldidan jamoaga qanchalik darajada pand berib qo'yishi mumkin? Ya'ni, maydonda futbolchilarning o'zini tutishida ham bilinayaptiki, jamoa bir necha turdan beri yutolmayapti va bu hol o'yinchilarga katta bosim yuklayapti. Keyingisi esa chempionat peshqadamiga qarshi bo'ladi.

- Albatta, har bir mag'lubiyat kayfiyatga ham va har taraflama ta'sir qiladi. O'ziga yarasha bosim ham bo'ladi. Bugungi o'yinda ham ayrim futbolchilarimga savollar bor. Xohlaymizmi-yo'qmi, keyingi uchrashuv vodiy derbisi. Bunga yaxshi tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Hozir hamma narsani chekkaga surgan holda tayyorlanishimiz lozim.

- Dilshod Komilov himoyachi bo'lishiga qaramay, ko'p bor raqib jarima maydoniga bordi. Norchayev o'tgan o'yinda ham, bu o'yinda ham yo'qolib qolgandek taassurot qoldirdi. Kojo hali jarohatidan to'liq forig' bo'lmagandek...

- Birinchidan, "Qizilqum" o'yin boshidan himoyadan o'yin qurdi. Himoyani yorib o'tishda qiynaldik. Yaxshiroq o'ynasak bo'lardi. Deyarli birinchi bo'limda ham, ikkinchi bo'limda ham to'p bilan va hujumda edik. Ha, "Qizilqum"ni ham alohida aytish kerakki, yaxshi himoyalandi va oxirigacha kurashdi. Albatta, Dilshod qanotdan uzatmalarni kutdi, birinchi golni ham shunday tarzda urdi. Lekin uzatmalarni kam qildik. O'zimda ham savollarim ko'p, hozir bir narsa degim ham kelmayapti.

- Futbolingizni ko'ryapmiz, juda ham murakkab. Natija keltiradigan futbolni shakllantirish uchun ancha vaqt zarur? Buning uchun "Navbahor"ga qancha vaqt kerak? Shuningdek, keyingi turdagi raqib – "Neftchi" juda murakkab. Masalan, qandaydir sxemalaringizdan voz kechib, soddaroq futbol o'ynash kerak bo'ladimi?

- Xohlaymizmi-yo'qmi, yangi o'yinchilar bor, o'ziga yarasha talablar ham bor. Jamoa qurilyapti. O'yindan-o'yinga kuchayib boraveradi, bunga aminman. Ko'p xatolar qildik, bugun. Jamoamizda ijrochilar ham har taraflama yaxshi. Hamma har xil formada. Kimdir jarohatidan qaytdi, kimdir anchadan beri mashg'ulotda bo'lmagan. Ko'p nyuanslar bor, biz murabbiylarni boshimizni og'ritadigan. Aniq bu vaziyatdan chiqamiz. "Neftchi"ga keladigan bo'lsak, kuchini ham, kamchiliklarini ham bilamiz. Hozirgi kunda yaxshi darajada o'yin ko'rsatyapti. Bizni ham bu uchrashuvga o'z rejalarimiz bo'ladi. G'alaba uchun harakat qilamiz.

- "Neftchi" laqabiga mos ravishda yo'lbars kabi raqiblariga tashlanib ko'plab gollar uryapti. Keyingi o'yinda yo'lbarslarga xo'rak bo'lib qolishdan qo'rqmaysizmi? "Navbahor" yuqori o'rinlarni maqsad qilgan, ammo g'alabasiz seriya davom etyapti. G'alaba qozona olmaslik rahbariyatni sizga bo'lgan ishonchi pasayishiga sabab bo'lmaydimi?

- Buni vaqt ko'rsatadi. Hech kimga joy kafolatlanmagan. Albatta, natijaga qarab ish qilinadi. Natija ham birdaniga kelmaydi. Bugun yig'ildi, ertaga natija degan narsa yo'q. Buning uchun yil boshidan harakat bo'lyapti. Rahbariyat har tomonlama qo'llab-quvvatlayapti. Lekin futbolda vaqt kerak. Bir yilda deyarli 90 foiz jamoani o'zgartirib, bir narsaga erishish qiyinroq. O'zimga ishonch va yigitlarga ham ishonch bor. Qolganini vaqt ko'rsatadi. Bu hali birinchi davrani o'yinlari.

Eslatib o'tish kerakki, biz uyimizda o'ynamayapmiz. Bu xohlaymizmi-yo'qmi, hammaga har xil tuyulishi mumkin. To'g'ri, "Qizilqum"dek jamoani yutishimiz kerak. Qayerda bo'lishimizdan qat'iy nazar kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi. Hamma narsani tushunib turibmiz. Kuchli edik. Albatta, kelgan muxlislarimizga rahmat aytaman. Lekin bilamizki, Namanganda qancha va qanday muxlislar bor. Ularni qo'llab-quvvatlashi, 12-o'yinchi bo'lishi bu boshqacha, shu narsalarni kamligi baribir sezilyapti. Tez orada uyimizda o'ynashni boshlaymiz. O'ziga yarasha yoqimli va bosim ham bo'ladi. Uyda devorlar ham yordam beradi, degan gap bor. Professional darajada ishlaymiz.

- Sxema masalasida biroz tushunmadim. Sizlarda hozirda o'ynalayotgan sxema qanaqa?

- O'yinda o'zgarishlar bo'lyapti. Epizodlarda himoyada 3 talik yoki 2 talik bo'lib ham qolayapmiz. Buni muammo joyi yo'q. Raqib jamoani hujumi yoki himoyasiga qarab o'zgarishlar bo'lyapti. Albatta, ko'rib chiqyapmiz, shakllanyapmiz, bu ish jarayoni. G'alaba bilan bu ish jarayoni bo'lsa yana-da yoqimli bo'ladi. O'tgan o'yinda ham kamida durang bo'ladigan joyda oxirida g'alabamizni qo'yib yubordik. Futbolchilarimiz o'shanda oxirigacha harakat qilishmadi. Biz uchinchi golni urishimiz kerak edi, ammo raqib uchinchi golni urib ketdi. Qayerdadir omadsizlik ham bor narsa. To'g'ri tushunyapman, hech kim yutqazgisi kelmaydi. Ammo biz yana-da yaxshiroq va to'g'riroq ishlashimiz kerak.

- O'tkir Yusupov jahon chempionatiga chiqishimizda katta ishni bajardi. Mundiyaldagi o'yinlarini inobatga olmaganda ham undan oldingi va keyingi uchrashuvlarda e'tirozli savollarni paydo qilyapti. Masalan, bugun ham zarbani qaytarsa bo'lardi. Bu uni yoshi bilan bog'liqmi yoki jismoniy holati bilanmi? Avvalgi top darajadagi O'tkir Yusupovni yo'qotib qo'ygandekmiz.

- Albatta, qayerdadir sifatlar bo'ladi. O'tkir baribir milliy jamoani darvozaboni. Qanaqa darajadaligini o'zi ham aytib turadi. Kamchiliklar balki ruhiyat bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Yusupov yaxshi darajadagi darvozabon. O'zi ham tushunib turibdi. Futbolda hammada bir sinov bo'ladi. O'ylaymanki, buni barchamiz to'g'ri tushunamiz. Hammamiz ishlashimiz kerak va mehnat orqali barchasi joy-joyiga tushadi.

- Uchrashuv qaydnomasidan Muhammadali Usmonov o'rin olmadi. Bunga nima sabab?

- 23 tadan ko'proq futbolchi bo'lganida qo'ysak bo'lardi. 20 ta, undan ikkitasi darvozabon. Shu bois bugun shunday xulosaga keldik. Boshqa o'yinchilarni qo'ydik. Keyingi uchrashuvlarda u ham bo'ladi. Muammo yo'q, har bir futbolchi jamoa uchun harakat qilyapti. Yaxshi darajadagi o'yinchilar. Uchrashuvlar ko'p, hammasiga imkoniyat beramiz», - deya Kapadzening so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • Qizilqum Qizilqum
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar