Toshkentda «Navbahor» va «Qizilqum» jamoalari o'rtasidagi bahs 1:1 hisobidagi durang natijani ko'rsatdi va har ikkala klub ham bir ochkodan bo'lib olishdi. Ushbu bahs yakuniga yetganidan keyin navoiyliklarni boshqarayotgan Jamshid Saidov matbuot anjumanida qator savollarga javob berdi.
«Nima deyish mumkin? O'yin biz uchun juda og'ir kechdi. Biz asosan himoyadan harakat qilib, qarshi hujumlarga tayanib ishladik. Bunga tayyorgarlik ko'rgandik, «Navbahor» qanday o'ynashini yaxshi bilardik.
Umuman olganda, jamoamning o'yinidan mamnunman. Albatta, ayrim vaziyatlar bor edi, ulardan qoniqmading. Lekin ularni keyin albatta tahlil qilamiz.
Eng avvalo, futbolchilarimga katta rahmat aytmoqchiman. Ular oxirigacha kurashishdi. O'yin juda og'ir bo'ldi, ammo qanday bo'lmasin, ularga minnatdorchilik bildiraman. Bizni qo'llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarimizga ham alohida rahmat.
Chempionat endigina ikkinchi davraga kirmoqda. Shuning uchun har bir o'yin juda qiyin kechadi. Turnir jadvaliga qarasangiz, pastki o'rindagi barcha jamoalar har bir ochko uchun qattiq kurashmoqda. Shu bois oson o'yinning o'zi yo'q. Buni avval ham aytganman, hozir ham takrorlayman. Endi har bir jamoa har bir ochko uchun oxirigacha jang qiladi.
- FIFA kunlaridan keyin «Qizilqum» ikki uchrashuvda atigi bir ochko to'pladi. Yozgi yig'inlarni ham kuzatdik. Umuman olganda, yig'indan qay darajada ko'nglingiz to'ldi? Chunki jamoa to'rtta nazorat uchrashuvi o'tkazdi, birortasida g'alaba qozona olmadi va ko'p gol o'tkazib yubordi.
- Ha, transfer oynasi va tanaffus davrida, afsuski, tarkibimiz to'liq bo'lmadi. Ayrim futbolchilar jarohatlangan edi, ba'zilari kasal bo'lib qoldi. Shuning uchun to'liq tarkibimiz bilan atigi ikkinchi o'yinni o'tkazyapmiz.
Bundan tashqari, jamoamiz yangilanmoqda. Yangi futbolchilar keldi. Ularga yangi muhitga moslashish uchun vaqt kerak bo'ladi. O'ylaymanki, o'yindan-o'yinga ular tobora yaxshi moslashib, men talab qilayotgan futbolni ko'rsatishadi.
- O'yin boshlanishi sizlar uchun juda og'ir kechdi. Tezkor gol o'tkazib yubordingiz. Bu yerda pozitsion yoki individual xatolar ham bo'ldi. Oradan bir necha daqiqa o'tib, raqib yana xavfli vaziyat yaratdi va shu paytda «Qizilqum» butunlay tarqalib ketadigandek tuyuldi. Keyin esa jamoa o'ziga keldi, hisobni tenglashtirdi, tashabbusni qo'lga oldi. Ikkinchi bo'limda esa ochig'ini aytganda, «Qizilqum» g'alaba qozonishi ham mumkin edi. Juda ko'p imkoniyatlar bo'ldi, ammo yakunlashda muammo kuzatildi. O'yinni o'zgartirishga nima sabab bo'ldi? Nega oxirigacha g'alabani saqlab qolishning iloji bo'lmadi?
- Avvalo, biz «Navbahor» o'yinning dastlabki daqiqalaridanoq agressiv hujum qilishini bilardik. Birinchi golni ham omadsiz tarzda o'tkazib yubordik. Himoyada o'z vaqtida joylasha olmadik, qanotdan uzatma bo'ldi va shuning natijasida gol kirdi.
Aslida, «Dinamo»ga qarshi o'yinda ham shunga o'xshash holat kuzatilgandi. Afsuski, birinchi bo'limda bizda hayajon va o'zaro tushunmovchilik seziladi. Ikkinchi bo'limda esa taktik jihatdan o'zgarish qilamiz va ancha yaxshi o'yin namoyish etamiz.
Imkoniyatlarimiz ham bo'ldi, gol ham urdik. Hakim bilan bog'liq ayrim vaziyatlarni hali qayta ko'rmadim. Lekin umumiy olganda, futbolchilarga jiddiy e'tirozim yo'q.
Dastlabki 10–15 daqiqa raqibning kuchli bosimi ostida qoldik va gol o'tkazib yubordik. Hisobni tenglashtirganimizdan keyin esa ishonch paydo bo'ldi, xotirjamlik oshdi va muvozanatimiz ham ancha yaxshilandi.
- Siz biroz avval jarohatlar haqida gapirdingiz. Islom Kenjaboev ham yig'in davomida yakka tartibda mashg'ulot o'tkazganini ko'rgandik. O'yin oldidan uning holati qanday edi? U o'ynashga to'liq tayyormidi? Uni birinchi bo'limda almashtirish rejalarizni o'zgartirib yubordimi?
- Ha, Islom Kenjaboev yig'inning katta qismini jarohati sabab o'tkazib yubordi. U o'yinga taxminan bir hafta qolganda umumiy guruhga qo'shildi. Birinchi bo'limda uni almashtirishimning sababi shundaki, u hatto o'yin oldidan qizish mashqlari paytida ham noqulaylik his qildi. Shifokorlar bilan maslahatlashdik, zarur muolajalarni qildik. Ammo baribir u o'yinni davom ettira olmadi. Hozir uning jarohati qanchalik jiddiy ekanini ayta olmayman. Vaqt ko'rsatadi. Xudo xohlasa, keyingi o'yinga tiklanib, asosiy tarkibga qaytadi. Endi shifokorlar uning sog'ayishi ustida ishlashadi.
- Bundan avval ham «Qizilqum»da faoliyat yuritgansiz. O'shanda jamoaning maqsadi haqida so'ralganda, «maqsadimiz — kuchli o'ntalikdan o'rin olish», degan edingiz. Hozirgi turnir jadvalidagi vaziyatni inobatga olsak, shu maqsad hali ham o'zgarmagan deb aytish mumkinmi?
- Bu mening «Qizilqum»ga ikkinchi bor kelishim. Agar jamoa bunday vaziyatda bo'lmaganida, ehtimol meni taklif qilishmasdi ham. Tabiiyki, ikkinchi davrada asosiy kurash Superligadagi o'rnimizni saqlab qolish uchun kechadi. Turnir jadvaliga qarasangiz, ochkolar orasidagi farq juda ham kichik. Shuning uchun har qanday murabbiy bunday vaziyatda eng avvalo jamoani Superligada olib qolishni maqsad qiladi. Keyin esa hammasi o'yindan-o'yinga ma'lum bo'ladi. Yana bir bor aytaman, turnir jadvali juda zich. Ikki-uchta o'yinda ketma-ket g'alaba qozonsangiz, darhol yuqoriroq pog'onaga ko'tarilasiz. Shuning uchun har bir jamoa har bir ochko uchun oxirigacha kurashadi. Buni o'zingiz ham har turda ko'rib turibsiz. Hech kimga oson bo'lmaydi. Menimcha, jon saqlab qolish uchun kurash juda keskin kechadi.
- FIFA kunlaridan keyin yana juda zich taqvim boshlandi. Jamoalar har to'rt-besh kunda maydonga tushmoqda. Bugun ham «Navbahor»ga qarshi o'yinda juda ko'p kuch sarflandi. Keyingi raqib esa «Nasaf». Jamoa bu o'yinga qadar tiklanishga ulg'ura oladimi?
- Albatta, bunga harakat qilamiz. «Nasaf» bizdan bir kun oldin o'yin o'tkazdi, demak, ularda tiklanish uchun ko'proq vaqt bor. Lekin biz ham futbolchilarni imkon qadar tezroq tiklashga harakat qilamiz va keyingi o'yinga yaxshi holatda yetib borishni rejalashtirganmiz.
- Yana bir savol. O'tgan yillar yakuniga ko'ra, O'zbekistondagi eng yirik kompaniya — Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisoblanadi. Lekin so'nggi mavsumlarda OKMK oltin va kumush medallar uchun kurashayotgan bo'lsa, «Qizilqum» asosan jon saqlab qolish uchun kurashmoqda. Buning sababini nima bilan izohlaysiz?
- Rostini aytsam, bu savol menga emas. Bu masalaga rahbariyat javob berishi kerak. Ayrim jihatlar borki, hozir ular haqida gapirishim to'g'ri bo'lmaydi.
- Fayzullo Rizoqulovning o'yini haqida fikringizni bilmoqchi edim. Bugun ayniqsa o'ng qanotda ham, himoyada ham yaxshi taassurot qoldirdi.
- Ha, u yosh va istiqbolli futbolchi. Markaziy himoyada ham, o'ng qanotda ham o'ynay oladi. Menimcha, u har bir o'yinda o'z ustida ishlab, tobora o'sib bormoqda va biz undan kutayotgan ishonchni oqlayapti», - deya Jamshid Saidovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.