FIFA rasmiy sayti JCh-2026 yakunlari bo‘yicha Osiyo vakillarining ishtirokini sarhisob qilar ekan, O‘zbekiston milliy jamoasining tarixiy mundial debyutiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan turnirda ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichidagi uchala bahsda ham mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani erta tark etdi. Shunga qaramay, FIFA jamoa uchun ijobiy jihatlar ham bo‘lganini ta'kidladi.
Xususan, Abbosbek Fayzullayev Kolumbiyaga qarshi bahsda O‘zbekistonning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini urib, mamlakat futboli tarixidan joy oldi. Shuningdek, Eldor Shomurodovning Kongo DR darvozasiga kiritgan goli Hyundai tomonidan taqdim etilgan guruh bosqichining eng chiroyli goli sovriniga loyiq topildi.
FIFA maqolasida Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa musobaqa davomida texnikaga asoslangan va mehnatkash o‘yin uslubiga sodiq qolgani qayd etilgan. Turnirning yuqori sur'ati futbolchilarning jismoniy holatiga ta'sir qilgan bo‘lsa-da, bunday tajriba yosh avlod uchun muhim maktab vazifasini o‘tagani ta'kidlangan.
Xususan, 18 yoshli Behruz Karimov kabi futbolchilar jahon darajasida raqobat qilish uchun nimalar talab etilishini amalda his qilgani, to‘rt yildan so‘ng bo‘lib o‘tadigan navbatdagi mundialda bu tajriba ularga asqatishi mumkinligi qayd etilgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi