Yozgi transfer vaqti davom etayotgan paytda «Paxtakor» o'zining hujum chizig'ini kuchaytirish maqsadida nigeriyalik forvard – Stefan Chineduni o'z safiga qo'shib olganini yaxshi bilsangiz kerak.
U avvaliga Termizning «Surxon» klubidagi o'yinlari orqali ko'pchilikning e'tiboriga tushib qoldi. Chinedu joriy mavsum boshida yurtimizga keldi va darhol o'zidan yaxshi taassurot qoldirishni boshladi. Aks holda, «Paxtakor» bu transferga qo'l urmangan bo'lardi.
Chinedu yangi klubi safida o'z gollari hisobini ham ochishga ulgurgan. Kecha «Paxtakor» «Bunyodkor»ni 1:0 hisobida mag'lub etdi. Nigeriyalik hujumchi ushbu bahsda ham ishtirok etdi. Tribuna.uz jurnalisti Chinedudan dastlabki intervyuni oldi.
- Stefan, kechagi g'alaba bilan tabriklayman. Avvalo, o'yindan olgan taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Katta rahmat. Bu biz uchun juda muhim g'alaba bo'ldi. Menimcha, biz o'zimizning kuchli xarakterimizni ko'rsata oldik, jamoa bo'lib qattiq mehnat qildik va o'yin davomida intizomni saqlab qoldik. Albatta, yaxshilashimiz kerak bo'lgan jihatlar bor, lekin umuman olganda, bugungi o'yindagi harakatlarimiz, kurashchanligimiz va juda muhim bo'lgan uch ochkodan mamnunmiz.
- Siz «Paxtakor» safida allaqachon uchtа o'yin o'tkazdingiz. Hozirgacha moslashish jarayoni qanday kechmoqda? Siz uchun qiyin bo'lmayaptimi?
- Moslashish jarayoni hozircha juda yaxshi kechmoqda. Jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va klubdagi barcha insonlar birinchi kundanoq meni yaxshi kutib olishdi va o'zimni jamoaning bir qismi sifatida his qilishimga yordam berishdi. Albatta, har bir yangi klubga moslashish uchun ma'lum vaqt kerak bo'ladi, lekin men bu jarayondan zavq olyapman va har bir mashg'ulot hamda o'yin bilan o'zimni yanada erkinroq his qilmoqdaman.
- «Surxon»dagi faoliyatingiz juda muvaffaqiyatli o'tdi - 14 ta o'yinda 9 ta gol va 2 ta golli uzatma amalga oshirdingiz. Bunday natijalarga erishishingizni kutganmidingiz? Har holda bu juda ta'sirli statistika.
- Men har doim o'z qobiliyatlarimga ishonaman, lekin futbol - bu jamoaviy sport. Shuning uchun bu natijalarga jamoadoshlarim va murabbiylarimning yordamisiz erishib bo'lmas edi. O'sha davr uchun minnatdorman, ammo hozirgi asosiy e'tiborim «Paxtakor» jamoasiga qaratilgan. Nafaqat o'sha statistikalarni takrorlash, balki ularni yanada yaxshilash va Xudo xohlasa, «Paxtakor» bilan birga ko'proq g'alabalarni qo'lga kiritishni istayman.
- «Paxtakor»ni tanlashingizga nima sabab bo'ldi? Sizda boshqa bir nechta takliflar ham bor edi, to'g'rimi?
- Ha, bir nechta takliflar bor edi, lekin «Paxtakor» mintaqadagi eng katta klublardan biri hisoblanadi. Uning buyuk tarixi, yuqori maqsadlari va qiziqarli loyihasi bor. Men bu yerda o'zimning rivojlanishimni davom ettirish, sovrinlar uchun kurashish va o'zimni yanada sinab ko'rish uchun eng yaxshi imkoniyat bor, deb his qildim.
- Bu siz uchun O'zbekiston chempionatidagi birinchi mavsum. O'zbekiston Superligasi haqidagi taassurotlaringiz qanday? Hozirgacha siz uchun hayratlanarli jihat nima bo'ldi?
- Men ligadan juda katta taassurot oldim. O'yinlar raqobatbardosh va jismoniy kurashlarga boy o'tmoqda. Jamoalar yaxshi tashkilot qilingan va har bir uchrashuv o'ziga xos qiyin sinov bo'lmoqda. Hozirgacha bu men uchun juda ijobiy tajriba bo'lib kelmoqda.
- Siz Nigeriyadansiz, lekin Xorvatiya fuqaroligingiz ham bor. Demak, siz ikki davlat fuqarosisiz, shundaymi?
- Ha, men Nigeriyadanman. Aslida menda Xorvatiya fuqaroligi yo'q. Men xorvatiyalik inson bilan turmush qurganman. Hozircha menda faqat ularning oilaviy yashash uchun berilgan ruxsatnomasi bor.
- «Paxtakor»dagi hayotga moslashishingizda sizga eng ko'p kim yordam beryapti?
- Aytishim mumkinki, klubdagi barcha insonlar - murabbiylar shtabi, jamoadoshlarim va rahbariyat menga juda katta yordam berishdi. Ammo men «Paxtakor»ga qo'shilishdan oldin ham Basherni tanir edim. U ham men uchun juda katta rol o'ynadi.
- Bu yerda bo'sh vaqtingizni odatda qanday o'tkazasiz? Shaharda sizga ayniqsa yoqadigan, tashrif buyurishni yaxshi ko'radigan joyingiz bormi?
- Bo'sh vaqtimning ko'p qismini oilam bilan o'tkazaman. Biz birgalikda shaharni aylanishni, turli xil restoranlarga borib ko'rishni va farzandlarimiz bilan bog'larga tashrif buyurishni yaxshi ko'ramiz. Toshkent juda chiroyli shahar, ayniqsa bolalar uchun. Biz bu shaharni yana ko'proq joylarini kashf etishdan zavq olyapmiz. Qolgan vaqtimni esa shiddatli o'yinlar va mashg'ulotlardan keyin dam olish hamda tiklanishga sarflayman.
- Oilangiz haqida biroz gapirib bering. Hozir ular Nigeriyada yashashyaptimi? Bolaligingiz qanday o'tgan va futbolga ilk bor qachon qiziqish bildirgansiz?
- Ha, ota-onam va aka-uka hamda opa-singillarim Nigeriyada yashashadi. Ular men tug'ilgan shahar — Kano shahrida istiqomat qilishadi. U yerda futbol bolaligimning katta qismi bo'lgan. Ko'plab bolalar kabi, men ham bo'sh vaqtimning aksar qismini ko'chada do'stlarim bilan futbol o'ynab o'tkazardim va yoshligimdan professional futbolchi bo'lishni xohlashimni bilardim.
- Kelajak uchun asosiy maqsadingiz nima?
- Asosiy maqsadim, Xudo xohlasa, har bir mavsumda o'zimni yanada rivojlantirish, «Paxtakor»ga sovrinlarni qo'lga kiritishda yordam berish va futbolchi sifatida o'zimning eng yaxshi darajamga erishishdir. Shu bilan birga, oilamni faxrlantirishni va qattiq mehnat hamda fidoyilik orqali muvaffaqiyatli faoliyatimni davom ettirishni istayman.