Angliya terma jamoasi hujumchisi "qizil iblislar"ning mavsumoldi yig'iniga qo'shilib, yana jamoaning muhim futbolchisiga aylanishni maqsad qilmoqda. Ammo bunday qarorni qabul qilishda juda ehtiyotkor bo'lish kerak, deb yozmoqda Goal.com.
Endi rasmiy tasdiqlandi: Markus Reshford "Manchester Yunayted"ga qaytmoqda. Shanba kuni Shvetsiyada "Pari Sen-Jermen"ga qarshi o'rtoqlik uchrashuvidagi 1:1 hisobidagi durangdan so'ng jamoa bosh murabbiyi Maykl Karrik Reshford Irlandiya Respublikasidagi mavsumoldi yig'inning keyingi bosqichida jamoaga qo'shilishini ma'lum qildi. U bilan birga Angliya terma jamoasidagi sherigi Kobbi Maynu va Lisandro Martinles ham yig'inda ishtirok etadi.
"Men u bilan birga o'ynaganman. Uning debyut uchrashuvida ham maydonda bo'lganman. Shuning uchun o'rtamizda ma'lum tarix bor. Bu hafta Dublinda butun tarkib yig'iladi. To'g'ri u yerga uchib boramiz va bir necha kun davomida to'liq tarkib bilan ishlaymiz. Markus ham, Kobbi va Lisandro ham biz bilan bo'ladi. Ularni ko'rishni intiqlik bilan kutyapmiz", — dedi Karrik.
Reshford chorshanba kuni "Manchester Yunayted" Premyer-liga raqibi "Lids" bilan Dublindagi "Krok Park" stadionida o'ynaydigan bahsda maydonga tushishi mumkin. Uch kundan keyin esa Polshada "Milan"ga qarshi mavsumoldi so'nggi uchrashuvida ham ishtirok etish imkoniyati bor. Bu o'yinda Ruben Amorim o'zining sobiq klubiga qarshi chiqishi kerak edi. Ammo portugaliyalik mutaxassis yanvar oyida "Yunayted"dan bo'shatildi. Bu qaror, maqolaga ko'ra, asosli edi: Amorim atigi 14 oy ishlab, qattiqqo'l taktik sxemalari va o'yin vaqtidagi tushunarsiz qarorlari bilan futbolchilar va muxlislarni o'zidan bezdirdi.
Biroq Amorim hamma ishni noto'g'ri qilmagan. Ayniqsa, uning Reshford bilan munosabati juda qat'iy bo'lgan. Bu "Yunayted"da madaniyatni o'zgartirish jarayoniga asos soldi va keyinchalik Karrik ham ana shu o'zgarishlar samarasidan foydalandi. Endi yangi bosh murabbiyning eng muhim vazifalaridan biri — Reshfordga u loyiq bo'lmagan yana bir imkoniyatni berib, avvalgi ijobiy natijalarni yo'qqa chiqarmaslik.
Reshfordning standartlari pasaya boshladi
Reshfordning "Yunayted"dagi talablarga munosabati 2023/24 yilgi mavsumda, Erik ten Haag qo'l ostida o'zgarib ketdi. O'sha paytda u klub bilan yangi shartnoma imzolab, jamoaning eng ko'p maosh oluvchi futbolchisiga aylangandi. Shunga qaramay, ingliz futbolchisi niderland murabbiyi belgilagan intizom qoidalarini uch marta buzdi.
Eng katta shov-shuv esa Belfastda ikki kecha davomida spirtli ichimliklar iste'mol qilingan sayohatdan keyin mashg'ulotga betobligini bahona qilib kelmagani bo'ldi.
Ten Haag 2024 yil oktyabr oyida "Yunayted" Premyer-ligada 14-o'ringa tushib ketganidan so'ng lavozimidan ozod qilindi. Uning o'rniga "Sporting"dan Ruben Amorim tezda olib kelindi.
Reshford yangi murabbiy qo'l ostida dastlab yaxshi o'ynadi va Amorimning dastlabki ikki uchrashuvida uchta gol urdi. Ammo keyin Yevropa ligasida "Viktoria Plzen"ga qarshi o'yinda juda yomon harakat qildi va 60 daqiqa ham to'lmay zaxiraga olindi.
Shundan so'ng Amorim uni "Manchester Siti"ga qarshi muhim derbi uchun tarkibga kiritmadi. "Yunayted" 2:1 hisobida g'alaba qozongan o'sha uchrashuvdan keyin portugaliyalik murabbiy Reshfordning mashg'ulotlardagi munosabati talab darajasida emasligiga ochiq ishora qildi.
"Biz Rash bilan uzoq vaqtdan beri nimadir qilishga urinib kelyapmiz, ammo bu ish bermayapti. Bir xil ishni davom ettiramizmi yoki boshqa narsani sinab ko'ramizmi? Klubda odamlar ishdan ketayotgan bir paytda har bir futbolchi jamoadagi o'rni uchun kurashishi kerak", — degandi Amorim.
Reshford esa "kurashish" niyatida emasdi. Aksincha, ikki kun o'tib, jurnalist Genri Uinterga bergan intervyusida klubdan ketib, "yangi chaqiruv" izlayotganini ochiq bildirdi. Bu amalda yanvar oyida "Yunayted"ni tark etish istagi edi.
Shu lahzada u 2016 yilda klub akademiyasidan asosiy jamoaga ko'tarilganidan beri uni doim qo'llab-quvvatlab kelgan muxlislarning katta qismi ishonchini yo'qotdi. Jamoaga uning yordami eng zarur bo'lgan paytda Reshford muxlislar ishonchini oqlamadi. 19 oy davomida voqealar markazidan chetda bo'lganidan keyin bu ishonchni qayta tiklash oson bo'lmaydi.
Hech qanday mas'uliyatni o'z zimmasiga olmadi
Reshford qishki transfer oynasining so'nggi kunigacha "Yunayted"da zaxirada qoldi va oxir-oqibat "Aston Villa"ga ijaraga o'tdi. Bu qaror Ramus Hoylund va Joshue Zirkzee hujumda qiynalayotgani va "Yunayted" natijalarda beqarorlikni davom ettirayotganiga qaramay qabul qilindi.
Amorim esa o'z talablariga javob bermaydigan futbolchini tarkibga qaytarmasligini qat'iy aytdi.
"Sababi — mashg'ulotlar. Futbolchilar mashg'ulotda, hayotda qanday bo'lishi kerakligini men qanday ko'rishimda. Bu har kuni, har bir tafsilotda namoyon bo'ladi. Bizga o'yinni o'zgartirish uchun biroz tezlik yetishmayotganini ko'rish mumkin. Ammo menga shu tartib ma'qul. Har kuni maksimal darajada harakat qilmaydigan futbolchini maydonga tushirgandan ko'ra, Jorge Vitalni tushiraman. Bu masalada o'zgarmayman", — dedi portugaliyalik murabbiy.
O'sha vaqtda 63 yoshda bo'lgan Vital "Yunayted"ning darvozabonlar murabbiyi edi. Demak, Amorimning gaplari Reshfordning professionalligi haqida ochiqdan-ochiq berilgan qattiq baho edi.
"Aston Villa"dagi qisqa ijara muddati yakuniga kelib, Reshfordning o'ziga yanada ko'proq savollar paydo bo'ldi. U 17 ta uchrashuvda 10 ta gol va golli uzatmaga bevosita hissa qo'shdi, Unai Emery jamoasiga Angliya kubogi yarim finali va Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishda yordam berdi.
Angliya terma jamoasiga qayta chaqirilganidan keyin "Preston"ga qarshi Angliya kubogi bahsida ikki gol urgan Reshford shunday dedi:
"Villaga qo'shilgunimga qadar ko'p futbol o'ynay olmadim. Hozir tanam o'zini yaxshi his qilmoqda va futboldan zavq olayapman".
Biroq u "Yunayted"da yetarlicha o'ynay olmagani uchun asosiy mas'uliyat aynan o'zida ekanini tan olmadi. Tanasining va maydondagi xatti-harakatlarining qisqa vaqt ichida bunday keskin o'zgarishi esa uning xarakteri haqida ijobiy taassurot qoldirmasdi.
"Bombalar guruhi" orqali boshlangan ijobiy o'zgarish
Amorim jamoada muhitni buzadigan futbolchilarga yon berishdan bosh tortdi. Endi "Yunayted" ana shu qarorning samarasini ko'rmoqda.
Reshfordning "Aston Villa"dagi ta'siri ommaviy axborot vositalari tomonidan biroz bo'rtirildi. Ha, u yangi jamoaga yaxshi moslashdi va ayrim esda qolarli lahzalarni yaratdi. Jumladan, Chempionlar ligasida PSJ ustidan 3:2 hisobidagi g'alabada ajoyib golli uzatma berdi. Ammo uning o'yini izchil emasdi. Shu bois "Villa" Reshfordni 40 mln funtga to'liq sotib olish imkoniyatidan foydalanmadi.
Amorim ham uning "Yunayted"dagi mavqeiga nisbatan o'z pozitsiyasini o'zgartirish uchun yetarlicha sabab ko'rmadi.
Reshford "Old Trafford"ga qaytgach, darhol murabbiyning "bombalar guruhi"ga qo'shildi. Bu guruhda u Antoni, Jeydon Sancho, Alejandro Garnacho va Tyrell Malasia bilan birga asosiy tarkibdan alohida mashg'ulot o'tkazishi kerak edi. Malasiadan tashqari, qolgan futbolchilarning barchasi o'z munosabati bilan jamoa kiyinish xonasida turli muammolar keltirib chiqargandi.
"Yunayted" muvaffaqiyatsizliklar doirasidan chiqa olmayotgandi. Chunki jamoada birdamlik hissi yo'q, hamma bir maqsad sari harakat qilayotgani sezilmasdi. Eng birinchi va eng muhim qadam — jamoada ortiqcha yukdan xalos bo'lish edi. Amorim bu ishni shafqatsiz tarzda amalga oshirdi.
Garnacho va Antoni mos ravishda "Chelsi" va "Real Betis"ga sotildi. Sancho esa mavsumni "Aston Villa"da ijarada o'tkazdi. Reshford ham yana ijaraga ketdi — bu safar "Barselona"ga.
Bu transferlar "Yunayted"ga Mateus Kunya, Brayyan Mbemo va Senne Lammens kabi yangi futbolchilarni olib kelish imkonini berdi. Ularning barchasi Manchesterdagi faoliyatini yaxshi boshladi.
Amorimning futbolga bo'lgan qarashlari oxir-oqibat o'zini oqlamadi va u barcha qismlarni bir tizimga birlashtira olmadi. Ammo Karrik jamoa boshiga kelgan paytda "Yunayted" tarkibidagi munosabatlar, ehtimol, ser Aleks Fergyuson davridan keyin birinchi marta haqiqiy darajada tiklangandi.
"Barselona"dagi ijara tahlili
Reshfordning "Barselona"ga o'tishi mantiqli qaror edi. Kataloniya klubi Luis Dias va Niko Uilyams uchun qimmat transferlarni amalga oshirishdan voz kechgach, ingliz futbolchisi munosib variant bo'lib ko'rindi.
"Barselona" Reshfordning haftalik 325 ming funtlik maoshining 75 foizini qoplashi kerak edi. Shunga qaramay, bosh murabbiy Hansi Flik hujum chizig'ida raqobatni kuchaytirishni istagan bir paytda bu hisoblangan tavakkal edi.
Reshford o'zini oqladi: barcha musobaqalardagi 49 ta uchrashuvda 28 ta gol va golli uzatmaga bevosita hissa qo'shdi. "Barselona" La Liga va Ispaniya Superkubogida g'olib chiqdi.
U hatto "Real"ga qarshi El-Klasikoda chempionlikni deyarli hal qilgan golni ham urdi — Thibaut Courtois uchun yetib borish imkonsiz bo'lgan jarima zarbasini darvoza yuqori burchagiga yo'lladi.
"U bilan ishlash menga yoqdi. U ajoyib futbolchi va ajoyib inson. Jamoa uni sog'inadi, men ham sog'inaman. Ammo hayot shu", — dedi Hansi Flik bu hafta Reshfordning "Kamp Nou"dagi faoliyati haqida.
Biroq Reshford Rafinyo jarohat tufayli maydonga tushmagan dagina asosiy tarkibdagi o'rnini kafolatlay olardi. Chap qanotda u braziliyalik futbolchi kabi samara bera olmadi.
Rafinyo Reshforddan 16 ta o'yin kam o'tkazganiga qaramay, undan beshta ko'p gol urdi. La Ligada esa Rafinyo himoyadagi harakatlari o'rtacha 2,10 tani tashkil etgan bo'lsa, "Yunayted"dan ijaraga olingan futbolchida bu ko'rsatkich 1,45 bo'ldi.
Rafinyo to'p bilan harakatlanishda "Barselona"ga ko'proq ijodkorlik va hujumkorlik, to'psiz o'yinda esa yuqori intensivlik va intizom berdi. Agar sobiq "Lids" futbolchisi butun mavsum davomida sog'lom bo'lganida, Reshford ehtimol tarkibdagi oddiy zaxira futbolchisi bo'lib qolardi.
Tavakkal mukofotdan ustun
Oxir-oqibat "Barselona" Reshfordni 30 mln evroga sotib olish imkoniyatidan foydalanmadi. ESPN ma'lumotiga ko'ra, kataloniyaliklar "Yunayted" bilan arzono'roq narx bo'yicha kelishishga urinib, ammo muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Shundan so'ng "Barselona" Entoni Gordon va Karim Adeyemini jami 92 mln evroga sotib oldi.
Gordon Reshfordning o'rnini to'g'ridan to'g'ri egalladi. "Barselona"ni uning o'tgan mavsum Chempionlar ligasida "Nyukasl" safidagi yuqori samaradorligi qiziqtirdi. Bundan tashqari, uning yuqori ishchanligi Flik tizimiga ko'proq mos keladi.
Qizig'i, Gordon "Kamp Nou"dagi besh yillik shartnomasi davomida yiliga 14 mln evro yalpi maosh oladi. Bu Reshford o'tgan mavsumda olgan maosh bilan bir xil. Demak, "Barselona" faqat moliyaviy jihatdan arzono'roq variantni tanlagani yo'q.
Reshford Gordondan uch yosh katta va Jahon chempionatida ham unga asosiy tarkibdagi o'rinni boy berdi. Gordon ikki ingliz qanot hujumchisining ishchanrog'i hisoblanadi va hali yanada o'sishi mumkin.
Reshfordning eng yaxshi versiyasi 2022/23 yilgi mavsumdan beri ko'ringani yo'q. O'sha mavsumda u faoliyatida ilk marta bir mavsumda 30 ta gol urgandi. Ehtimol, Reshford o'z cho'qqisiga aynan o'sha paytda chiqqan.
"Yunayted"dagi hozirgi vaziyat ham Reshford muvaffaqiyat qozonishi uchun ideal emas. Jamoa yozgi transfer oynasida juda faol bo'lmadi. Shuning uchun "Yunayted" o'tgan mavsumda Premyer-ligada egallangan uchinchi o'rinni yanada yaxshilash va Chempionlar ligasida uzoqroq borish uchun yetarlicha zaxiraga ega yoki yo'qligi hali noma'lum.
Karrik va INEOS boshchiligidagi rahbariyat Reshfordni jamoaga qaytarish imkoniyatini ko'rib chiqayotgani tushunarli. Chunki "qizil iblislar" hujumning chap qanotida va markazida futbolchilar yetishmasligini his qilmoqda.
Ammo bu qarorning xavfi ehtimoliy foydasidan ustun.
Agar "Yunayted" mavsumni yomon boshlasa va Karrikka bosim kuchaysa, tarix Reshford bunday vaziyatlarda ruhiy tushib ketishini ko'rsatmoqda. Shunda jamoa yana bir keraksiz ichki muammoga duch kelishi, diqqat futboldan chalg'ishi va klub yana boshlang'ich nuqtaga qaytishi mumkin.
"Juda katta bayonot" kerak
Karrik Reshforddan eng yaxshi futbolni chiqarishi mumkin. Ammo buning uchun futbolchining o'zi ham to'liq sadoqatini ko'rsatishi shart.
Angliya terma jamoasida o'ynagan Maykl Grey yaqinda talkSPORT efirida bu muammoni hal qilishning oddiy, ammo ta'sirchan yo'lini taklif qildi:
"Agar Reshfordning "Manchester Yunayted"da kelajagi bo'lsa, u nima uchun "Yunayted"da qolishni istashi va birinchi navbatda nima sababdan klubni tark etganini juda katta bayonot orqali tushuntirishi kerak. Menimcha, bu birinchi navbatda qilinishi lozim bo'lgan ish".
Nimalar noto'g'ri ketgani uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olish va "Yunayted"ga sadoqatini qayta tasdiqlash Reshfordga muxlislar bilan buzilgan munosabatlarni tiklashda katta yordam bergan bo'lardi.
Grey, shuningdek, Reshford Mateus Kunya va Benjammin Sheshko kabi futbolchilar ortida "ikkinchi darajali futbolchi" roliga ko'nikishi kerakligini aytdi. Bu esa undan o'z nafsini jilovlash va jamoa manfaati uchun bor kuchini berishga tayyor ekanini ko'rsatishni talab qiladi.
"Barselona"dagi tajribasi bu borada unga yordam berishi mumkin.
Ehtimol, Karrik Reshforddan hurmat talab qilish masalasida Amorim va Ten Xag'dan ko'ra omadliroq bo'lar. Chunki uning "Yunayted" futbolchisi sifatidagi obro'si juda yuqori va Reshford bilan avvaldan yaxshi munosabati bor.
Ular ikki mavsum davomida jamoadosh bo'lgan. Bundan tashqari, Karrik Reshford bilan Joze Mourino va Ule-Gunnar Sul'sher shtablarida murabbiy yordamchisi sifatida ham yaqin ishlagan. Shuning uchun u Reshfordning eng yaxshi jihatlarini qanday namoyon qilishni yaxshi biladi.
Ammo Reshford hech narsa bo'lmagandek "Yunayted"ga shunchaki qaytib kelolmaydi.
Agar u jamoadagi o'rnini qaytadan mehnat bilan qo'lga kiritishga tayyor bo'lmasa, "Yunayted" hozirgi futbolchilari bilan qolgani ma'qul.
Muxlislar jamoadan kutilgan haqiqiy o'zgarishni ko'rish uchun sabr qilishlari kerak. Ammo futbolchilarning shaxsiy manfaati va ta'siri yana jamoaviy maqsadlardan ustun qo'yiladigan bo'lsa, bu inqilob hech qachon boshlanmaydi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi