Braziliya milliy jamoasi va Madridning «Real» klubi vingeri Vinisius Junior professional faoliyatidagi 500-o‘yinini o‘tkazdi.
Tarixiy natija JCH-2026 guruh bosqichida Haitiga qarshi bahsda qayd etildi. Ushbu uchrashuvda Vinisius nafaqat maydonga tushdi, balki gol urib, bitta assist ham amalga oshirdi va jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Yubiley o‘yinidan so‘ng braziliyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
«Professional faoliyatimdagi 500 ta o‘yin! Bundan shunchaki aqldan ozish mumkin. Bu go‘yo ro‘yobga chiqqan orzudek. Xudoga shukr!»
25 yoshli futbolchi qisqa vaqt ichida jahon futbolining eng yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. U «Flamengo»dagi faoliyatidan so‘ng «Real»ga ko‘chib o‘tib, Ispaniya grandi safida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi.