Runi APL 1-turida «Manchester Yunayted»ning safarda «Hall Siti»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng himoyachi Lyuk Shouning harakatlariga alohida to‘xtaldi.
«Bu Lyuk Shou tomonidan himoyadagi bolalarcha xato bo‘ldi. «Hall» bunday vaziyatni kutgan bo‘lsa kerak. Shou himoya chizig‘idan taxminan 4 metr ortga chekindi. Bunday aniq uzatmadan keyin hujumni to‘xtatishning iloji yo‘q», — dedi Runi BBC efirida.
Sobiq hujumchi «Manchester Yunayted» futbolchilarining pressingdagi faolligini ham past baholadi.
«Jamoaga pressing qilishda va to‘pni qaytarib olishga urinishlarda ancha ko‘proq energiya kerak. Ular juda passiv harakat qilishdi», — deya ta’kidladi Runi.
Shuningdek, u jamoa sardori Bruno Fernandeshning mag‘lubiyatdan keyingi fikrlarini ham «g‘alati» deb atadi.
«Brunoning «Manchester Yunayted» safarda bir xil xatolarni takrorlayotgani haqidagi gapi g‘alati. Hozir klub o‘tgan mavsumda erishgan natijalarini rivojlantirishi kerak. Maykl Karrik kelganidan keyin jamoa APLda uchinchi o‘rinni egalladi va Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi», — dedi Runi.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Yunayted» APLning 2-turida 30 avgust kuni «Ipsvich»ga qarshi maydonga tushadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi