Kolumbiya milliy jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Kongo DRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan avval pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Guruhning ilk turida Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya milliy jamoasi aynan shu raqib bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagandi. Nestor Lorenso shogirdlari esa afrikaliklar himoyasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Bahsdagi yagona gol 76-daqiqada urildi. «Kristal Pelas» himoyachisi Daniel Munyosning zarbasi Stiv Kapuadiga tegib, darvozadan joy oldi. Bu futbolchining turnirdagi ikkinchi goli bo‘ldi.
Kolumbiya bahs davomida katta ustunlikka ega bo‘lib, raqib darvozasi tomon 20 marta zarba yo‘lladi. Shunga qaramay, Kongo DR darvozaboni Lionel Mpasi bir qator ajoyib seyvlar amalga oshirib, jamoasini uzoq vaqt o‘yinda ushlab turdi.
«Faqat gol urganim uchun qahramon emasman. Bu g‘alaba butun jamoaniki. Biz bir oilamiz va uch ochkoni birgalikda qo‘lga kiritdik», — dedi Munyos o‘yindan so‘ng.
Ma’lumot uchun, Kolumbiya milliy jamoasi ikki turdan keyin 6 ochko bilan K guruhida peshqadamlik qilmoqda va muddatidan avval pley-off yo‘llanmasini naqd qildi. Guruh g‘olibini aniqlaydigan bahsda kolumbiyaliklar Portugaliya milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi.