«Bavariya» klubi va Fransiya milliy jamoasi vingeri Maykl Olise 2025/26 yilgi mavsumda assistlar soni bo‘yicha Yevropaning top-5 ligalari futbolchilari orasida eng yaxshi natijani qayd etmoqda.
Opta ma’lumotiga ko‘ra, 24 yoshli futbolchi mavsum boshidan buyon klub va milliy jamoa safida jami 30 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Shundan 26 tasi «Bavariya», yana 4 tasi Fransiya milliy jamoasi safida qayd etilgan.
Olise Jahon chempionatining 2-turida Iroqqa qarshi bahsda ham o‘z mahoratini namoyish etdi. Fransiyalik futbolchi Kilian Mbappe va Usmon Dembele gollariga assistentlik qilib, jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, Fransiya milliy jamoasi Jahon chempionatining navbatdagi turida Norvegiya milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs 26 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.