AQSH hukumati Jahon chempionatida ishtirok etayotgan Eron milliy jamoasi uchun ayrim cheklovlarni yumshatdi.
27 iyun kuni Sietldagi «Lumen Fild» stadionida Misr milliy jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan eronlik futbolchilarga AQSH hududiga ikki kun avval kirishga ruxsat berildi.
Avvalroq Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoi jamoaga o‘yinlardan oldin AQSHga ertaroq kirishga ruxsat berilmayotganidan norozilik bildirgandi. Endilikda Eron delegatsiyasi chorshanba kuni AQSHga yetib kelishi kutilmoqda.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, jamoa bahs yakunlangan kunning o‘zida mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
«Eronning uchinchi o‘yini uchun jamoaga bahsdan ikki kun oldin AQSHga kirishga ruxsat berildi. Shunga qaramay, ular o‘yin tugagan kuni mamlakatni tark etishi kerak. Umumiy xavfsizlik choralari va protokollar o‘zgarishsiz qoladi», — dedi vazirlik vakili.
JCH-2026 tashkiliy qo‘mitasi vakili Endryu Juliani esa ushbu qaror avvaldan rejalashtirilganini ta’kidladi.
«Dastlabki ikki safar muvaffaqiyatli o‘tganidan keyin uzoq yo‘lni hisobga olib, qo‘shimcha bir kun berishga qaror qildik», — dedi Juliani.
Ma’lumot uchun, FIFA qoidalariga ko‘ra, jamoalarga bahsdan ikki kun oldin safarga chiqishga faqat alohida holatlarda ruxsat beriladi. Eron futbol federatsiyasi Sietl sharoitiga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan, chunki jamoa bazasi Meksikaning Tixuana shahrida joylashgan.