«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn jamoaning bir qator yetakchi futbolchilari jarohat olgani va «Atletiko»ga qarshi bo‘lajak bahs haqida fikr bildirdi.
«Borussiya» Dortmund bilan 2:2 hisobidagi durangda Ismoil Saybari, Serj Gnabri va Maykl Olise jarohat sabab o‘yinni davom ettira olmagan. Luis Dias ham avvalroq safdan chiqqandi. Shuningdek, Keyn Myunxen klubi bosh murabbiyi ham jamoaga yordam bera olmayotganini qayd etdi.
«Bizga muhim futbolchilar yetishmayapti, xuddi bosh murabbiyimiz kabi. Ammo tarkibimizda o‘z ahamiyatini isbotlashga tayyor yosh futbolchilar bor. Oldinda hali ko‘plab ishlar va bahslar turibdi. Dortmundning «Borussiya»siga qarshi durang bilan yakunlangan o‘yinda to‘rtta yoki beshta gol urishimiz ham mumkin edi.
Ba’zida natija o‘yinni aslida qanday kechganidan ko‘ra yomonroq baholashga majbur qiladi. Maqsadimiz — Madridda g‘alaba qozonish, shundan keyin Bundesligaga e’tibor qaratamiz. Jarohat olgan futbolchilar tez orada safga qaytadi», — deya Keynning so‘zlarini AS nashri keltirdi.
Ma’lumot uchun, «Bavariya» Dortmundning «Borussiya»si bilan Bundesliganing 8-turida 2:2 hisobida durang o‘ynagan. Mazkur bahsda myunxenliklar safida Konrad Laymer va Dayo Upamekano gol urgan.
Eslatib o‘tamiz, «Atletiko» — «Bavariya» bahsi 3-noyabr kuni Madridda bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 4-noyabrga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.