«Barselona» chap qanot himoyachisi Alex Baldening transfer narxini 40 million yevrodan yuqori baholamoqda. Diario Sport xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar futbolchini qishki transfer oynasidayoq sotib yuborishni istamoqda.
23 yoshli futbolchi ushbu mavsumda atigi to‘rtta bahsda maydonga tushgan va ularning hech birida asosiy tarkibda o‘ynamagan. Balde Joau Kanselu hamda Xavi Espart bilan raqobatda imkoniyatni boy bermoqda.
«Barselona» futbolchini to‘liq transfer orqali sotishni afzal ko‘radi. Ijara varianti esa faqat mavsum yakunida majburiy xarid sharti mavjud bo‘lgan taqdirdagina ko‘rib chiqilishi mumkin. Klub yangi transferlar uchun mablag‘ ishlab olishni maqsad qilgan va bu haqdagi pozitsiyasini futbolchining agenti Jorje Mendeshga ham yetkazgan.
Balde yozda ham jamoani tark etishga yaqin bo‘lgan, biroq o‘zi qolishga qaror qilgandi. U asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarishiga umid qilgan, ammo mavsum boshlanishi bilan vaziyat o‘zgarmadi. Hatto jarohatlar sabab tarkibda muammolar yuzaga kelgan paytda ham himoyachi yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lmadi.
Ma’lumot uchun, Baldega Italiyadan «Yuventus» va «Roma» qiziqish bildirmoqda. Biroq har ikki klub futbolchini faqat ijara asosida qo‘lga kiritish variantini ko‘rib chiqmoqda. Uning maoshi ham bu jamoalar uchun muammo bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Angliyadan «Manchester Yunayted» va «Chelsi» avvalroq Baldega qiziqish bildirgan. «Liverpul» hamda «Manchester Siti» ham vaziyatni kuzatmoqda, ammo hozircha chap qanot himoyachisi transferini ustuvor vazifa deb hisoblamayapti.