«MYU» sardori Chempionlar ligasi 5-turidagi durang (2:2) haqida fikr bildirdi.
«Men ushbu bahsda g‘alaba qozonishni istagandim. Chempionlar ligasi turnir jadvalidagi holatimizni hisobga olsak, g‘alaba biz uchun juda muhim edi. Shu bilan birga, mag‘lubiyatga uchramaslik ham ahamiyatli edi. «Joze Alvalade» stadionida o‘ynash juda qiyin. Muxlislar ajoyib muhit yaratadi, jamoaning o‘zi ham juda kuchli.
Tanaffusdan keyin yuqori intensivlikdagi pressing evaziga o‘yinni kuchaytirdik. Ba’zan tavakkal qilish, raqib futbolchilariga yakkama-yakka qarshi o‘ynash va hujumga ko‘proq futbolchini jalb etish kerak. «Sporting» hujumlarni o‘z darvozasi oldidan boshlashga harakat qiladi. Agar agressiv o‘ynasangiz, to‘pni olib qo‘yib, qulay vaziyatlarga ega bo‘lishingiz mumkin», — deya Fernandesh so‘zlarini UEFA rasmiy sayti keltirdi.