Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Xorvatiya ustidan qozonilgan 4:2 hisobidagi g‘alabadan so‘ng Deklan Raysning holatiga izoh berdi.
«Arsenal» yarimhimoyachisi uchrashuvning 72-daqiqasida maydonni tark etgan va bu muxlislar hamda klub murabbiyi Mikel Artetada xavotir uyg‘otgandi.
Tuxelning aytishicha, Rays o‘yin davomida noqulaylik his qilgan.
«Deklanda bir nechta noodatiy to‘p yo‘qotishlar bo‘ldi va men unda noqulaylik sezdim. So‘raganimda, u belining pastki qismi va sonining orqa tomonida og‘riq borligini ko‘rsatdi. Men tavakkal qilishni istamadim. Agar Deklanni almashtirishga majbur bo‘lsam, bu aynan uni asrash uchun qilinadi», — deya Tuxelning so'zlarini keltirdi Goal nashri.
Mutaxassis Rays o‘rniga maydonga tushgan Ris Jeymsning o‘yinini ham alohida e’tirof etdi.
«Ris Jeyms markazda juda yaxshi harakat qildi va ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Umid qilamanki, bu jiddiy muammo emas. O‘yin tugagach, Deklan menga hammasi joyida ekanini aytdi. Bu holat bizga tanish va nazorat ostida», — deya qo‘shimcha qildi germaniyalik murabbiy.
Raysning o‘zi ham holati yaxshi ekanini tasdiqladi.
«Hammasi joyida. Bu mavsumning ikkinchi qismidan beri kuzatilayotgan kichik og‘riqlar xolos. Xavotirga o‘rin yo‘q, Gana bilan o‘yinga tayyor bo‘laman», — dedi yarimhimoyachi.
Eslatib o‘tamiz, Angliya milliy jamoasi mundialdagi ilk uchrashuvida Xorvatiyani 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Rays ushbu bahsda Harri Keynning goliga assist muallifi bo‘ldi.