Kolumbiya milliy jamoasi vingeri Luis Dias JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida O‘zbekiston ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabadan keyin o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
«Bavariya» futbolchisi uchrashuvning 40-daqiqasida Daniel Munyosning goliga assist bergan bo‘lsa, 65-daqiqada o‘zi ham gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa u bahsning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
«Bugun bolalikdagi orzumni amalga oshirdim — o‘z mamlakatim safida jahon chempionatida maydonga tushdim. Bunday o‘yinda gol urish va assist qilishdan ham go‘zalroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Biz juda ahil jamoamiz. O‘yindan o‘yinga yanada kuchayib boramiz. O‘zimni juda baxtli his qilyapman», — dedi Dias FIFA matbuot xizmatiga.
Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya O‘zbekistonga qarshi bahsda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Janubiy amerikaliklar safida Munyos, Dias va Kampras gol urgan bo‘lsa, O‘zbekistonning mundiallar tarixidagi ilk goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi.
Kolumbiya milliy jamoasi guruh bosqichining 2-turida 24 iyun kuni Kongo DRga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston esa Portugaliya bilan bellashadi.