Kolumbiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Gustavo Puerta JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida O‘zbekiston ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabadan keyin uchrashuv haqida fikr bildirdi.
Asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchi Luis Diasning goliga assist muallifi bo‘ldi.
«Murabbiy mendan doim himoyada agressiv harakat qilishni va imkon qadar oldinga intilishni talab qiladi. Menimcha, aynan shuni bajardim. Lerma, Arias va qolgan jamoadoshlarim bilan birgalikda yarim himoyada yaxshi ishladik», — dedi Puerta.
Futbolchi ikkinchi gol urilishidagi vaziyatni ham eslab o‘tdi.
«Ikkinchi gol oldidan Lerma menga to‘pni qaytarib olishda yordam berdi. Keyin men to‘pni Luchoga (Luis Diasga) uzatdim. Shundan keyin esa uning harakatlariga ortiqcha izoh berishning hojati yo‘q. Men jahon chempionatidagi ilk assistimni amalga oshirganimdan juda xursandman», — dedi kolumbiyalik yarimhimoyachi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kolumbiya o‘rtasidagi bahsda Jan Karlos Munyos hisobni ochgan bo‘lsa, Abbosbek Fayzullayev muvozanatni tiklagandi. Oradan besh daqiqa o‘tib Luis Dias Kolumbiyani yana oldinga olib chiqdi. Uchrashuvga yakuniy nuqtani esa qo‘shimcha daqiqalarda Kampras qo‘ydi.
Birinchi tur yakunlariga ko‘ra, Kolumbiya K guruhida peshqadamga aylandi. Janubiy amerikaliklar keyingi turlarda Kongo DR va Portugaliya milliy jamoalariga qarshi maydonga tushadi.