O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev JCH-2026 guruh bosqichining ilk turida Kolumbiyaga qarshi bahsdan so‘ng milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbari futbolchilarimiz kuchli va tajribali raqibga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatganini alohida ta’kidladi.
«O'zbekiston uchun tarixiy kun! Futbolchilarimiz juda katta tajribaga ega jamoaga qarshi kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Biz uchun birinchi jahon chempionatida urilgan birinchi gol ham katta g‘alaba», — dedi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi tarixiy ilk uchrashuvida Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Milliy jamoamizning jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi. U uchrashuvning 60-daqiqasida hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgandi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichidagi navbatdagi uchrashuvini 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.