«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Ueyn Runi jamoa himoyachisi Lisandro Martinesning klubdagi vaziyat haqida bildirgan fikrlarini tanqid qildi. Argentinalik futbolchi Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 2-turida «Atletiko»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘linganidan keyin keskin intervyu bergandi. Bu haqda Manchester Evening News nashri Amazon Prime efirida aytilgan fikrlarga tayanib xabar berdi.
Runi Martinesning aynan mag‘lubiyatdan keyin omma oldida gapirishga qaror qilgani shubhali ko‘ringanini ta’kidladi. Uning fikricha, qiyin davrda futbolchilar, bosh murabbiy va murabbiylar shtabi birlashishi kerak, klub rahbariyatidagi muammolarni esa jamoa ichida muhokama qilish lozim.
«Martinesning hammasi oldindan tayyorlangandek tuyuldi. Nega u aynan ushbu bahsdan keyin intervyu berdi? Uning o‘zi buni xohladimi? Men uning umuman biror narsa haqida gapirganini juda kam eshitganman. Bu oldindan rejalashtirilgandek, go‘yo u atrofidagilar bilan maslahatlashib, chiqib shu gaplarni aytishga qaror qilgandek ko‘rindi», — dedi Runi.
Sobiq hujumchi himoyachining jamoadoshlari saviyasini tanqid qilganini ham hurmatsizlik deb baholadi. Uning fikricha, jamoa sardori Brunu Fernandesh bunday masalalarda fikr bildirish huquqiga ega bo‘lishi mumkin, biroq hatto bunday holatda ham muammolar yopiq eshiklar ortida hal qilinishi kerak.
«Futbolchilar murabbiy bilan gaplashadi, murabbiy esa rahbariyat bilan muhokama qiladi. Ammo bu intervyu klubning hozirgi vaziyatiga yordam bermaydi. Aksincha, jamoa atrofidagi shov-shuvni yanada kuchaytiradi: futbolchilar norozi, beqaror va jamoadoshlariga ishonmayotgandek ko‘rinadi. Bunday chiqishlar kiyinish xonasidagi birdamlikni buzishi mumkin», — deya Runi so‘zlarini keltiradi nashr.
Ma’lumot uchun, «Manchester Yunayted» Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining dastlabki ikki turida uch ochko jamg‘argan.
Eslatib o‘tamiz, Angliya chempionatining 6-turidan keyin mankunianliklar olti ochko bilan turnir jadvalining 13-pog‘onasida bormoqda.