«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 2-turida «Viking» bilan kechgan 3:3 hisobidagi durangdan so‘ng jamoasi o‘yinini tahlil qildi. Uning so‘zlarini Bayern & Germany nashri keltirmoqda.
Norvegiya klubi 38-daqiqaga kelib ikkita gol farqi bilan oldinga chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘limda myunxenliklar hisobni o‘zgartirib, oldinga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. 74-daqiqada Maykl Olise chetlatilganidan so‘ng «Bavariya» bir kishi kam bo‘lib qoldi, 90-daqiqada esa mezbonlar hisobni tenglashtiruvchi golni urdi.
«Aybdor to‘liq o‘zimizmiz. Dam olish kunlaridagi «Augsburg»ga qarshi bahsda bo‘lgani kabi, bugun ham o‘yinni nazorat qildik. Ijobiy jihatlarni ham ko‘rsatish mumkin, o‘yinimizning umumiy sifati unchalik yomon emasdi. Ammo diqqatni yo‘qotish va ayrim vaziyatlarda yetarlicha oqilona qarorlar qabul qilmaslik tufayli xatolarga yo‘l qo‘ymoqdamiz.
«Augsburg»ga qarshi bahsda o‘yin boshlanganidan sakkiz soniya o‘tib gol o‘tkazdik, bugun esa bir yarim daqiqada shunday holat yuz berdi. Bundan tashqari, raqibning deyarli har bir xavfli vaziyati gol bilan yakunlanayotgandek taassurot bor. Biroq bularning hech biri bizni oqlamaydi, chunki o‘zimizni shunday vaziyatlarga solib qo‘yyapmiz», — dedi Kompani.
Ma’lumot uchun, «Bavariya» bungacha Bundesligada «Augsburg» bilan ham 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi.
Eslatib o‘tamiz, myunxenliklar 17-oktyabr kuni Germaniya chempionati doirasida o‘z maydonida «Leypsig»ni qabul qiladi.