Live
3
O'zbek

Qirg‘iziston milliy jamoasi bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogi-2027 yarim finaliga chiqishni maqsad qilganman»

Futbol
13 oktabr, 13:37
    8
Qirg‘iziston milliy jamoasi C guruhida Eron, Suriya va Xitoy bilan bahs olib boradi.
Qirg‘iziston milliy jamoasi bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogi-2027 yarim finaliga chiqishni maqsad qilganman»
Фото: КФС

Qirg‘iziston milliy jamoasi bosh murabbiyi Urmatbek Abdukaimov 2027 yilgi Osiyo Kubogida yarim finaliga chiqish vazifasini qo‘yganini ma’lum qildi.

«Osiyo Kubogidagi maqsadim — yarim finalga chiqish. Men uchun yarim finalga yetib borish yaxshi natija bo‘ladi. Ammo birinchi vazifa — guruhdan chiqish. Keyin pley-offda har qanday holat yuz berishi mumkin. Agar futbolchilar yaxshi jismoniy holatda bo‘lsa va biz munosib o‘yin ko‘rsatsak, kurashni davom ettiramiz», — dedi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, Abdukaimov 25 avgust kuni Qirg‘iziston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. U bu lavozimda xorvatiyalik mutaxassis Robert Prosinechkining o‘rnini egalladi. Qirg‘iziston futbol ittifoqi yangi murabbiy oldiga jamoani Osiyo Kubogi-2027ga tayyorlash vazifasini qo‘ygan.

Abdukaimov boshchiligida milliy jamoa hozirgacha ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, har ikkisida ham g‘alaba qozondi. Murabbiy uchun ilk o‘yinda qirg‘izistonlik futbolchilar Maldiv orollarini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Keyingi bahsda esa Livanni 3:1 hisobida yengdi. Har ikki uchrashuv Bishkek shahrida o‘tkazilib, Osiyo Kubogiga tayyorgarlikning bir qismi bo‘ldi.

Tayyorgarlikning keyingi bosqichi noyabr oyidagi FIFA kunlariga rejalashtirilgan. Abdukaimovning aytishicha, Qirg‘iziston milliy jamoasi Vetnam bilan o‘ynaydi. Shundan so‘ng futbolchilar qisqa muddatli ta’tilga chiqadi. Dekabr oyida esa jamoa BAAda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishni rejalashtirgan. Bosh murabbiyning ma’lum qilishicha, tayyorgarlikning yakuniy bosqichi yanvar oyi boshiga qadar davom etadi.

Osiyo Kubogi-2027 Saudiya Arabistonida 7 yanvardan 5 fevralga qadar bo‘lib o‘tadi. Qirg‘iziston milliy jamoasi C guruhida Eron, Suriya va Xitoy bilan bahs olib boradi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qirg‘iziston Qirg‘iziston
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

8 izoh +2 ta yangi
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar