Live
6
O'zbek

Ro'ziqul Berdiyev: "Hujumdagi noaniqligimiz mag'lubiyatga olib kelyapti"

Eksklyuziv
26 avgust, 14:12
"Nasaf" bosh murabbiyi "Qizilqum"ga qarshi bahsdan keyin o'z fikrlarini bildirdi.
Ro'ziqul Berdiyev: "Hujumdagi noaniqligimiz mag'lubiyatga olib kelyapti"
Фото: Насаф ПФК
26.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qizilqum Qizilqum 1 : 0 Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi

"Nasaf" yana mag'lubiyatga uchradi. Bu safar Qarshida "Qizilqum" bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda 1:0 hisobida imkoniyat boy berildi.

Qarshiliklar ustozi Ro'ziqul Berdiyev mag'lubiyatdan keyin matbuot anjumanida fikr bildirdi.

- Faqat bugungi o'yinda emas, boshqa uchrashuvlarda ham oddiy gollarni o'tkazib yuboryapmiz. Hujumdagi noaniqligimiz va o'yinimiz mag'lubiyatga olib kelyapti. Himoyada qo'pol xatolar qilyapmiz. Bugun standart vaziyat ularga qo'l keldi. Ikkinchi bo'limda qanchalik tashabbusga ega bo'lib, vaziyatlar yaratmaylik, baribir gol ura olmadik. Bu asosiy muammolarimizdan biri bo'lyapti. Bu mag'lubiyatga olib kelyapti. Gol urmasang g'alaba qozona olmaysan deb bekorga aytishmaydi. Shu bois natija biz uchun ko'ngildagidek bo'lmayapti.

- "Nasaf"ni so'nggi 14 o'yiniga nazar tashlasak faqat 3 tagina g'alabasi bor, xolos. Bu nima bilan bog'liq?

- Bunga e'tibor qaratmagan ekanmiz. Qaysidir uchrashuvlarda omadsizlikka uchrayapmiz. Yomon o'ynadik deb bo'lmaydiyu, lekin biz uchun juda ham xunuk natija. Buni tuzatish kerak bo'ladi. Ochkolarni yo'qotayotganimiz uchun o'rnimiz shu joyda bo'lib turibdi.

- Jigauri ilgari qo'l ostingizda o'ynagan. Uni nima uchun jamoada saqlab qolmagansiz? Umuman, "Nasaf" legionerlarni qanday xususiyatlariga qarab tanlaydi?

- Jaba bizda chempion bo'lishimizga katta yordam bergandi. Lekin jamoada o'zgarishlar bo'ldi, boshqa futbolchilarni taklif qilganimiz uchun Jigauri jamoamizni tark etgandi. Jabani bilamiz, bugun ham o'zini yaxshi tarafdan ko'rsatdi. Yaxshi yarim himoyachi, mahorati bor. Legionerlar masalasida oldin ham aytib o'tgandik, bu oson jarayon emas. Ko'p jihatlariga e'tibor berasizu, lekin jamoaga moslashib ketishi uchun kimga vaqt yetmaydi, kimga saviyasi, darajasi yetmaydi. Oxirgi paytda bizda bunga ko'p imkoniyat bo'lmadi. Shu bois legionerlarni ko'p taklif qilmadik.

- Sizni futbol o'ynagan davringizdan beri bilaman. Hozirgi mavsumda hamkasblaringiz orasida eng tajribali va sovrindor murabbiylardan birisiz. Nima uchun siz milliy jamoaga jalb qilinmayapsiz, sizga ishonch bildirilmayapti? Bu savolga qanday javob bergan bo'lardingiz?

— Bu savolga qanday javob berishni bilmayman. Bu savol, ehtimol, menga emasdir. Shuning uchun javob bera olmayman", - deya Berdiyevning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qizilqum Qizilqum
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar