«Qizilqum» nominal mezbon sifatida Qarshida «Nasaf»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu navoiyliklar uchun juda muhim ahamiyatga ega edi. O‘yindan keyin esa «Qizilqum» bosh murabbiy Jamshid Saidov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
— Albatta, bugun yutganimizdan juda xursandman. Boz ustiga biz «Nasaf»dek klubni yengdik. Yigitlar buning uchun katta mehnat qilishdi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Biz oldimizga qo‘yilgan vazifani, oldimizda turgan strategiyani bajardik. Bizga ishongan, qayg‘urgan va muxlislik qilgan barcha ishqibozlarimizga, klub rahbariyatiga va barcha yurtdoshlarimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
«Sevgidan nafratgacha bir qadam», deyishadi. Afsuski, «So‘g‘diyona»ga qarshi so‘nggi o‘yinimizda yaxshi o‘ynay olmadik. Bu borada juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘ldi. O‘ylaymanki, bugungi o‘yinimiz bilan o‘zimizni oqladik. Har qanday holatda ham oldinda hali o‘yinlar bor. Har bir uchrashuvga jiddiy tayyorlanamiz va har bir ochko uchun kurashamiz.
Navoiy xalqini yaqinlashayotgan bayram — Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman! Ushbu bayram barcha oilalarimizga, butun o‘zbek xalqiga ko‘plab mehr-muhabbat, baxt va omad olib kelsin.
— Jamshid aka, bugungi qaydnomada Lukani ham ko‘rmadik. Shuningdek, Islom Kenjaboyev maydonga tushganidan keyin oyog‘i oqsab qolayotganini ham ko‘rdik. Unga nima bo‘ldi?
— Luka bugun o‘ynamadi. U mashg‘ulot paytida jarohat olgan. Shu sababli bugungi o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Kenjabayev esa hali davolanyapti, to‘liq tiklangani yo‘q. Unga hali ham og‘ir, to‘liq sog‘ayib ulgurmagan. Lekin bu borada ishlayapmiz. Doimiy nazoratda, davolanish jarayonini olyapti, tiklanishi bilan shug‘ullanyapmiz. Yaqin vaqtlarda uni to‘liq tayyor holatga keltiramiz. Shu sababli hozircha zaxirada o‘tiribdi va 10–15 daqiqaga maydonga tushyapti. Asosiy maqsad — uning o‘yin amaliyoti va sport formasini saqlab turish.
— O‘yin oxirida so‘nggi uchta almashtirishni amalga oshirdingiz. Ammo shundan keyin jamoa o‘yini kuchaymadi. Bu nimalar bilan bog‘liq? Agar maydondagi futbolchilar yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa, almashtirishlardan maqsad nima edi?
— Almashtirishlar nima uchun amalga oshirilishini o‘zingiz ham bilasiz. Futbolchi 60, 70, 80 daqiqa o‘ynaganidan keyin charchoq paydo bo‘ladi, qandaydir mikrojarohat yuzaga kelishi mumkin. Biz almashtirishni nima uchun qilamiz? Jamoani kuchaytirish uchun. Ha, siz haqsiz. Afsuski, har bir futbolchi ham o‘yin sur’atiga birdek tez moslasha olmaydi. Shu sababli ba’zi vaziyatlarda shunday holat yuzaga keladi. Lekin biz hisobni ushlab qolish uchun o‘yin davomida qayta moslashdik. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, himoyaviy tarzda o‘ynay boshladik, hatto besh nafar himoyachi bilan harakat qilishga o‘tdik. Buning asosiy maqsadi — mavjud hisobni saqlab qolish edi.
— Yana bir savol. Odatda U-21 jamoasi g‘alaba qozonganida statistik jihatdan asosiy jamoa deyarli doim mag‘lub qozonardi. Bu safar ham «dubl» jamoasi mag‘lub bo‘ldi. Bu holatga qanday qaraysiz?
— Rostini aytsam, bunday narsalarga e’tibor bermayman.
— Lekin statistika nuqtai nazaridan…
— Ha, statistikani yuritishingiz mumkin, balki bir tomondan haqdirsiz. Lekin ikkinchi tomondan, men bunga e’tibor qaratmayman. «Dubl» jamoasining o‘z vazifasi bor. U yerdagi asosiy maqsadimiz — yosh futbolchilarni tarbiyalash va asosiy jamoaga tayyorlash.
Siz «dubl mag‘lub bo‘lsa, asosiy jamoa albatta g‘alaba qozonishi kerak», demoqchimisiz? Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishga harakat qilish kerak, albatta. «Dubl» jamoasini ham doimo rag‘batlantiramiz. Yigitlarga asosiy jamoaga yo‘l ochish uchun imkoniyat beramiz, ularni mashg‘ulot jarayoniga jalb qilamiz. Ular ham motivatsiya bilan harakat qilishyapti. Ularning birinchi navbatdagi vazifasi — «dubl» jamoasida o‘zini ko‘rsatish, keyin esa asosiy tarkibga kirib, o‘z imkoniyatlarini namoyish etish.
— Shuningdek, muxlislar nomidan jamoani g‘alaba bilan tabriklamoqchiman. Agar shunday atash mumkin bo‘lsa, bu tarixiy g‘alaba.
— Ha, to‘g‘ri. Ancha vaqtdan beri bunday g‘alaba qozona olmayotgan edik.
— Jamshid aka, bugun tayanch yarimhimoyachisi Shahzod Toirovning harakatlarini qanday baholaysiz?
— Endi Toirovga ham imkoniyat beryapmiz. Harakatlari yomon emas. O‘tgan o‘yinlarda ham harakat qildi, bugun ham yaxshi harakat qildi. Shahzod harakat qildi, deb aytishim mumkin. U mushak jarohati sababli almashtirildi.
Umuman olganda, o‘yindan-o‘yinga jamoa o‘yiniga qo‘shayotganini ko‘rib turibsizlar. Albatta, jamoa juda qisqa vaqt ichida yig‘ildi. Ayrim futbolchilar, o‘zingiz bilasiz, transfer oynasi vaqtida jamoaga qo‘shilishdi. Hali bir-birini tushunish va o‘zaro uyg‘unlik yetarli darajada emas. Bunga vaqt kam bo‘lgani sabab. Shuning uchun o‘yindan-o‘yinga futbolchilar jamoaga moslashib, o‘zlarini ko‘rsatib borishyapti. Shahzod esa mushak jarohati tufayli almashtirildi», - deya Jamshid Saidovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.