Muammolar girdobida qolgan «Bunyodkor» yutqazishda davom etyapti. Bu safar ular «Lokomotiv»ga 4:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.
Uchrashuvdan keyin «Bunyodkor» bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida qatnashdi.
— O‘yin haqida hozir hech narsa deya olmayman. Chunki hozir futbol haqida gapirishga ham hech qanday kayfiyat yo‘q. Rostini aytsam, juda qattiq xafa bo‘ldim. Uch mavsum davomida jamoa qurishga, mehnat qilishga, ishlashga, tarkibni shakllantirishga harakat qildik. Endi esa jamoa qanday parchalanib ketganini ko‘rib turibman. 14–15 nafar futbolchi jamoani tark etdi. Kimdir buni shunchaki hazil yoki qandaydir o‘yin deb o‘ylashi mumkin. Lekin men uchun bu — baribir obro‘, karyera masalasi. Men futbolni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun bugun yigitlarimizni ko‘rib turibman: ular ko‘p yillar davomida Superligada o‘ynagan tajribali futbolchilarga qarshi maydonga tushishdi. Shunga qaramay, harakat qilishdi, bor kuchlarini berishdi. Shu jihatdan ularga rahmat aytish kerak.
O‘ylaymanki, bizda muammolar juda ko‘p va vaziyatning qanchalik og‘ir ekanini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Men uchun eng so‘nggi tomchi esa barcha yordamchilarim ketib qolayotgani bo‘ldi. Ular bu yerdan ketishyapti. Bu men uchun juda katta zarba. Chunki biz bu yerga birgalikda kelganmiz, ularni men olib kelganman. Hozir esa ular O‘zbekistonni tark etishyapti. Bu haqda menga xabar berishdi. Shuning uchun menga og‘ir botyapti. Bilmayman, hayot shu. Balki bu jamoaga, ayniqsa, yosh futbolchilarga yangi energiya kerakdir. Balki ular yana yonib, chempionatning qolgan qismini yangi kuch, yangi energiya bilan o‘tkazishlari kerakdir. Chunki so‘nggi o‘yinlarda, rostini aytsam, balki muammo mening o‘zimdadir. Charchoq tufayli ularga avvalgidek energiya bera olmayotgandirman. Men ham insonman, men ham charchayman, mening ham oilam bor. Shuning uchun, menimcha, hozir oldinga harakat qilish juda qiyin bo‘lgan bir nuqtaga keldik. O‘z shtabimsiz, o‘z yordamchilarimsiz bu yerda davom etishning ma’nosi bor, deb o‘ylamayman.
— Bu holat, aslida, sizning obro‘ingizga ham jiddiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, sizga. Chunki ikki yil avvalgi faoliyatingizga juda yuqori baho bergan edik. Jamoadan ketish haqida o‘ylamayapsizmi?
— Agar men ketishim kerak bo‘lsa... va agar bu jamoaga yordam bersa, uni qandaydir yangi energiya bilan yana «yoqish»ga xizmat qilsa, jamoada yangilik paydo bo‘lsa, balki yangi murabbiy kelar. Shuning uchun rahbariyat bilan gaplashib ko‘rishni o‘ylayapman. Chunki rostini aytsam, men juda qattiq charchadim. Futbolchilarning qalbida yana olov yonishi uchun, ehtimol, yangi energiya kerakdir. Balki boshqa inson kelib, ish uslubini o‘zgartirar. Mening usullarim emas, balki boshqa usullardan foydalanar. Lekin hozir men shuni ko‘ryapmanki, ularga mening energiyam yetarli bo‘lmayapti. Bularning barchasi qanday sodir bo‘layotganini ko‘rish men uchun juda og‘riqli. Chunki so‘nggi tomchi — aynan yordamchilarimdan eshitgan gaplarim bo‘ldi. Ular bu yerda qolishdan charchaganini aytishdi. Bunday vaziyatda ular ham sodir bo‘layotgan voqealardan ma’no ko‘rmayapti: olti-yetti oy maoshsiz…
Ular menga yordam berishni xohlashdi, men uchun va yigitlar uchun qolishdi. Lekin endi ular ketishlarini aytishdi. Shu sababli bu men uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi. Men ko‘p bor harakat qildim, eshik qoqdim, juda ko‘p gapirdim. Lekin bilmayman... Hozirgi holat — jamoa parchalanib ketganining aniq fakti. Men birinchi yil kelganimda oxirgi o‘rinda edik va mavsumni 10-o‘rinda yakunlab, jamoani saqlab qolgan edik. Keyingi yili O‘zbekiston chempionatida 5-o‘rinni egalladik. Bu yil esa 3–4-o‘rinlarda borayotgan edik. Jamoa parchalana boshlaganidan keyin esa natijani hozir o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Murabbiy sifatida men o‘z zimmamga mas’uliyatni olaman — menga bog‘liq bo‘lgan barcha narsa uchun javob beraman. Hatto menga bog‘liq bo‘lmagan narsalar uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmamga olyapman. Balki har bir inson klub va butun tashkilotning holati uchun doimo o‘z mas’uliyatini his qilishi kerakdir.
— Jiddiy savol bermoqchiman. Xohlasangiz, javob bermasligingiz mumkin. Balki savol provokasion tuyulishi ham mumkin. Sizningcha, jamoaning bunday ahvolga tushishiga kim sababchi? «Bunyodkor»ning bugungi holatga kelishiga kim aybdor, deb o‘ylaysiz? Xohlasangiz, javob bermang.
— «Bunyodkor»ning bunday vaziyatga tushib qolishiga kim sababchi, demoqchimisiz? Bu savol menga berilmasligi kerak, deb o‘ylayman. Menga va murabbiylar shtabiga bog‘liq bo‘lgan ishlar — biz ularni qildik. Biz o‘z vazifamizni bajardik. Lekin bu yerda juda chuqur masalalar bor. Juda chuqur masalalar. Hatto kim aybdor ekani menga qiziq ham emas. Bu savol menga emas», - deya Ilyos Zeytullayevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.