Madridning «Real» klubi La Liga prezidenti Xaver Tebasga qarshi banner va shiorlar uchun 3 ming yevro jarimaga tortildi. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro 18 oktyabr kuni «Santyago Bernabeu» stadionida «Sevilya»ga qarshi kechgan va 4:1 hisobida yakunlangan bahs vaqtida yuz bergan. «Real» muxlislari tribunada «Bu futbol emas, bu Tebas va Negreyra» yozuvi tushirilgan bannerni namoyish etgan.
Bannerdagi familiyalar ko‘k va qizil ranglarda ajratib ko‘rsatilgan. Bu orqali muxlislar La Liga rahbariyatini «Barselona» foydasiga tarafkashlik qilishda ayblagan.
Bundan tashqari, madridlik muxlislar La Liga prezidentiga qarshi haqoratli shiorlar ham aytgan. Intizom qo‘mitasi banner va shiorlar uchun «Real»ga 3 ming yevro miqdorida jarima belgiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Real» va «Sevilya» o‘rtasidagi bahsda madridliklar 4:1 hisobida g‘alaba qozongan. Arda Guler, Kilian Mbappe (2) va Diomande o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygan, «Sevilya» safida esa Bueno javob to‘pini kiritgan.
Ma’lumot uchun, Xaver Tebas 2013 yildan buyon La Liga prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi