«Bavariya» klubi va Fransiya milliy jamoasi vingeri Maykl Olise futbolga bo‘lgan munosabati hamda maydonda eng ko‘p qadrlaydigan jihati haqida fikr bildirdi.
24 yoshli futbolchining aytishicha, natijadan tashqari o‘yin uslubi va futbolning estetik tomoni ham u uchun juda muhim.
«Futbol chiroyli bo‘lishini yaxshi ko‘raman», — dedi Olise L'Équipe nashriga bergan intervyusida.
Fransiyalik futbolchi o‘yindan zavq olish jamoaning natijaga qanday erishishi bilan ham bog‘liqligini ta’kidladi.
Olise o‘zining futbol uslubini ham aynan shu qarashlar asosida shakllantirishga harakat qilishini aytdi.
2025/26 yilgi mavsumda Maykl Olise «Bavariya» safida barcha musobaqalarda 57 ta uchrashuvda maydonga tushib, 25 ta gol va 28 ta assist qayd etdi.
U myunxenliklar bilan Bundesligada va Germaniya kubogida g‘olib chiqdi hamda mavsum yakunida Germaniya chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
JCH-2026da esa Fransiya milliy jamoasi ilk turda Senegalni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Dide Desham shogirdlari keyingi uchrashuvni Iroqqa qarshi o‘tkazadi.