«Liverpul» yarimhimoyachi Kertis Jons uchun «Inter» tomonidan yuborilgan 25 million yevrolik taklifni rad etdi.
Bu haqda transferlar bo‘yicha ishonchli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mersisaydliklar 25 yoshli futbolchini bundan qimmatroq narxda baholamoqda va hozircha «neradzurrilar» taklif qilayotgan summa ularni qoniqtirmagan.
Shuningdek, ayni paytda ikki klub o‘rtasidagi muzokaralar sezilarli darajada ilgarilamayotgani qayd etilgan.
Jons «Liverpul» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, uzoq yillardan beri asosiy jamoa safida to‘p surib kelmoqda.
2025/26 yilgi Angliya Premyer-ligasi mavsumida u 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 2 ta assist muallifiga aylandi.
Avvalroq Italiya OAVlari «Inter» Kertis Jonsni yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Hozircha esa transfer amalga oshishi uchun milanliklar taklifini yaxshilashiga to‘g‘ri keladi.