«Inter» «Liverpul» yarimhimoyachisi Kurtis Jonsni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Biroq ushbu transfer amalga oshishi uchun bir nechta yirik bitimlar ro‘y berishi kerak.
Xabarlarga ko‘ra, jarayon markazida «Nottinghem Forest» futbolchisi Elliot Anderson turibdi. Hozirda JCH-2026da Angliya safida harakat qilayotgan 23 yoshli yarimhimoyachiga «Manchester Siti» jiddiy qiziqish bildirmoqda.
«Shaharliklar» futbolchi uchun 120 million funt sterling taklif qilgan, biroq «Forest» bu taklifni rad etgan. Klub rekord darajadagi transfer summasini talab qilmoqda.
Agar «Manchester Siti» Anderson transferini yakunlasa, «Nottinghem Forest» uning o‘rniga «Inter» yarimhimoyachisi Davide Frattezini sotib olishga harakat qiladi.
Milan klubi Frattezini taxminan 30 million yevroga baholamoqda. Aynan shu transfer «Inter»ga Kurtis Jons uchun mablag‘ yig‘ish imkonini beradi.
Italiya grandi avvalroq «Liverpul»ga 20 million yevrolik taklif yuborgan, ammo mersisaydliklar uni rad etgan. Ingliz klubi futbolchi uchun kamida 30 million yevro talab qilmoqda.
Shuningdek, «Liverpul» Kurtis Jonsning ehtimoliy keyingi transferidan foiz olish shartini ham kelishuvga kiritmoqchi.
Manbalarga ko‘ra, futbolchining o‘zi Italiyaga ko‘chib o‘tish va Chempionlar ligasida o‘ynash variantiga ijobiy qaramoqda.
Shu tariqa, Kurtis Jonsning «Inter»ga transferi «Manchester Siti» — Elliot Anderson va «Nottinghem Forest» — Davide Frattezi bitimlariga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda.