O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida eng yuqori tezlik qayd etgan futbolchi bo‘ldi.
SofaScore ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli yarimhimoyachi Kolumbiyaga qarshi uchrashuv davomida soatiga 36 kilometr tezlikka erishgan. Bu esa birinchi turda maydonga tushgan barcha futbolchilar orasidagi eng yaxshi natija bo‘ldi.
Eng tezkor futbolchilar reytingida undan keyingi o‘rinlarni Xorvatiya milliy jamoasi himoyachisi Yosip Stanishich (35,9 km/soat) va Kot-d'Ivuar vakili Vilfrid Singo (35,8 km/soat) egalladi.
Bundan tashqari, Fayzullayev mundial tarixida yana bir rekord muallifiga aylangan edi. U Kolumbiya darvozasiga kiritgan gol orqali O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk golini urgan futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Eslatib o'tamiz, shuningdek, Opta ma’lumotiga ko‘ra, bo‘yi 167 santimetr bo‘lgan Fayzullayev XXI asr jahon chempionatlarida bosh bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchiga aylandi.
Avvalgi rekord Urugvay milliy jamoasi futbolchisi Jorjian de Arraskaetaga tegishli edi. Bo‘yi 173 santimetr bo‘lgan futbolchi JCH-2022da Gana darvozasiga bosh bilan gol urgandi.
Shu tariqa, Abbosbek Fayzullayev mundialdagi debyut o‘yinidayoq O‘zbekiston futboli va jahon chempionati tarixidan joy oladigan ikkita muhim rekordni o‘rnatdi.