Bugun
6
O'zbek

Kannavaro: «Portugaliyaga qarshi himoyada juda tartibli bo‘lishimiz kerak»

Futbol
21 iyun, 23:50
O‘zbekiston bosh murabbiyi O‘FA matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Zoirov Shohrux
Shohrux Zoirov Editor
Kannavaro: «Portugaliyaga qarshi himoyada juda tartibli bo‘lishimiz kerak»
Foto: UFA

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionati guruh bosqich 2-tur doirasidagi Portugaliya qarshi bahs oldidan O‘FA matbuot xizmatiga intervyu berdi.

«Men futbolchilarimdagi bosimni kamaytirishga harakat qilaman, chunki biz jahon chempionatining eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘ynaymiz. Portugaliya tarkibi yulduzli futbolchilarga to‘la va albatta, ularda Krishtianu Ronaldu bor. So‘nggi 20 yil ichida u Lionel Messi bilan bir qatorda dunyoning eng buyuk futbolchilaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Portugaliya to‘pni nazorat qilishni yaxshi ko‘radi, raqibga bosim qilish imkonini bermaydi. Ular qisqa paslar orqali o‘yinni boshqaradi va har bir vaziyatda xavfli.

Shuning uchun biz himoyada juda tartibli bo‘lishimiz kerak. Shu bilan birga, to‘p bizda bo‘lganda, ularga muammo tug‘dirishga harakat qilishimiz lozim.

Har bir jamoaning kuchli va zaif tomonlari bo‘ladi. Biz ularning kuchli jihatlarini imkon qadar cheklab, zaif tomonlaridan foydalanishga intilishimiz kerak. Ha, albatta, Ronaldu — buyuk futbolchi va katta yulduz, ammo o‘yin boshlangandan keyin bularning barchasini unutish kerak. Biz o‘z vazifamizga e’tibor qaratishimiz shart.

Maydondan tashqarida futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo maydonda siz do‘st emassiz. U yerda faqat o‘z jamoangiz manfaatini o‘ylashingiz kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning jahon chempionatida ilk bor qatnashayotgan, lekin kuchli jamoalardan qo‘rqmaydigan jamoa sifatida eslab qolishlarini istayman. Biz yaxshi futbol ko‘rsatadigan, yaxshi shakllangan va intizomli jamoa sifatida tanilishni istaymiz. Shuningdek, biz hamma raqiblarni hurmat qilamiz va o‘zimizga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini istaymiz.

Bolaligimdagi orzum futbolchi bo‘lish edi, murabbiy emas. Keyinchalik murabbiylik haqida o‘ylay boshladim. Hattoki avvalroq sport direktori yoki jamoa menejeri bo‘lishni xohlagandim, chunki murabbiylik juda qiyin ishdek tuyulardi. Ammo hozir rostini aytsam, bu ishni juda yaxshi ko‘raman.

Har kuni ertalab uyg‘onganimgda yangi narsalarni o‘rganishga, o‘yinlarni tomosha qilishga va tajribamni futbolchilar bilan bo‘lishishga harakat qilaman. Shu meni baxtli qiladi. Futbolchilarga nimadir bera olish hissi men uchun juda ham qadrli», — dedi Kannavaro.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar