Belgiya milliy jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua jahon chempionatlaridagi o‘yinlar soni bo‘yicha mamlakat rekordini takrorladi.
Bu JCH–2026 guruh bosqichining 2-turida Eron milliy jamoasiga qarshi bahsdan (0:0) keyin sodir bo‘ldi. Kurtua ushbu o‘yinda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va mundiallardagi uchrashuvlari sonini 17 taga yetkazdi.
FIFA rasmiy sayti ma'lumotiga ko‘ra, belgiyalik posbon ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha milliy jamoa afsonasi Entso Shifo bilan tenglashdi. Shifo Belgiya milliy jamoasi safida 1984–1998 yillar oralig‘ida o‘ynagan va mundiallarda 17 ta bahsda ishtirok etgan.
Qayd etish joiz, Kurtua jahon chempionatlarida o‘tkazgan 17 bahsining 8 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Belgiya milliy jamoasi Eron bilan golsiz durang o‘ynadi va guruhdagi ikki turdan so‘ng 2 ochko jamg‘ardi.
Ma'lumot uchun, 34 yoshli darvozabon Belgiya milliy jamoasi safida jami 111 ta bahsda maydonga tushgan. Uning hisobida 57 ta «quruq» o‘yin mavjud.