Belgiya milliy jamoasi hujumchisi Romelu Lukaku JCH–2026 guruh bosqichi 2-turida Eronga qarshi kechgan va 0:0 hisobida yakunlangan bahs haqida fikr bildirdi.
FIFA rasmiy sayti keltirgan ma'lumotga ko‘ra, tajribali futbolchi jamoa yaratgan vaziyatlarni golga aylantira olmaganidan afsusda ekanini yashirmadi.
«Nima noto‘g‘ri bo‘lganini tushunish uchun bu bahsni tahlil qilishimiz kerak. Biz juda ko‘p vaziyatlar yaratdik, biroq gol ura olmadik. Bu, albatta, alam qiladi. Hal qiluvchi vaziyatlarda hissiyotlarimiz haddan tashqari ko‘p bo‘ldi», — dedi Lukaku.
Qayd etish joiz, Belgiya milliy jamoasi ushbu bahsda katta ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, Eron darvozaboni Alirezo Beyranvandning ishonchli harakatlari sabab gol ura olmadi.
Eslatib o‘tamiz, Belgiya va Eron milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv golsiz durang bilan yakunlandi. Natijada har ikki jamoa o‘z hisobiga bittadan ochko yozib qo‘ydi.
Ma'lumot uchun, ikki turdan keyin Belgiya va Eron hisobida 2 ochkodan mavjud. Guruh bosqichining so‘nggi turida belgiyaliklar Yangi Zelandiyaga, eronliklar esa Misrga qarshi maydonga tushadi.