Bugun
22
O'zbek

Otabek Umarov UFC prezidenti Dana Uayt bilan uchrashdi

MMA
21 iyun, 21:50
Kelgusida Toshkentda UFC bahslarini ham o'tkazish masalasi muhokama qilindi.
Zoirov Shohrux
Shohrux Zoirov Editor
Otabek Umarov UFC prezidenti Dana Uayt bilan uchrashdi
Foto: MOQ

O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov AQShda dunyoning eng nufuzli aralash yakka kurash tashkiloti UFC prezidenti Dana Uayt bilan uchrashuv o'tkazdi. Bu haqda Milliy Olimpiya Qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida sport industriyasining bugungi rivojlanish tendensiyalari, professional jangovar sport turlarini ommalashtirish hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Janob Uayt UFC tashkilotining faoliyati, bazasi va yangi rejalari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Tomonlar sport orqali yoshlarni sog'lom turmush tarziga jalb etish, yirik sport loyihalarini qo'llab-quvvatlash va o'zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratdi.

Yurtimizda kuchli boks an'analari va jahon elitasidagi sportchilar ko'pligi e'tirof etilgan holda mamlakatimizda UFC tarmog'idagi ZUFFA Boxing bellashuvlarini tashkil qilish taklifi ilgari surildi. Qolaversa, so'nggi yillarda UFC turnirlarida muntazam ishtirok etayotgan o'zbekistonlik jangchilar ko'payib borayotgani, mazkur yo'nalishning O'zbekistonda rivojlanib borayotgani va turnirning xalqaro darajadagi nufuzi inobatga olinib, kelgusida Toshkentda UFC bahslarini ham o'tkazish masalasi muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Bugungi yangiliklar