O'zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionati guruh bosqichi 1-tur doirasidagi Kolumbiyaga qarshi bahs (1:3)dan so'ng OFA matbuot xizmatiga intervyu berdi.
«Murabbiy sifatida juda ko'p narsaga e'tibor qaratishingiz, ko'plab masalalarni nazorat qilishingiz va tayyorgarlik ko'rishingiz kerak bo'ladi. Albatta, hayajon va baxt hissi bor, ammo oxir-oqibat butun e'tiboringiz jamoaga qaratiladi va atrofdagi ko'p narsalarni sezmay qolishingiz mumkin.
Futbolchi sifatida esa turnirdan ko'proq zavq olish imkoniyati bo'ladi. Murabbiyning futbolchidan farqi shundaki, murabbiy sifatida juda ko'p aziyat chekasiz, chunki maydon tashqarisida turasiz.
Futbolchilarga yordam bermoqchisiz, hamma narsani nazorat qilmoqchisiz, lekin buni to'liq uddalay olmaysiz. Ba'zi o'zgarishlar qilishingiz mumkin xolos. Shu sabab murabbiy ko'proq tashvish va bosimni his qiladi.
Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan keyingi eng katta saboq shuki, bu darajadagi xatolar juda qimmatga tushishini angladik. Biz ajoyib o'yin o'tkazdik, jamoaviy harakat qildik, agressiv va intizomli bo'ldik. Lekin bir lahza diqqatni yo'qotsangiz yoki raqibni nazoratsiz qoldirsangiz, jazolanishingiz aniq.
Birinchi gol bo'lgan vaziyatlarni uzoq vaqt tayyorlagandik, ammo baribir xato qildik. Ikkinchi gol esa autdan keyin yuz berdi.
Men futbolchilarga markaz orqali o'ynamaslik kerakligini aytgandim, chunki bu juda ham xavfli hudud. Shuning uchun bu darajada xatolar sonini kamaytirish juda muhim. Shu bilan birga, ikkinchi bo'limdagi o'yinimizdan juda mamnun bo'ldim.
Men doim futbolchilarga: «To'p bizda bo'lsa, o'z uslubimizni ko'rsatishimiz kerak. Futboldan qo'rqmaslik, o'zimizga ishonish va o'yin zavqini his qilishimiz kerak», deb aytaman. Ikkinchi bo'limda jamoa aynan shuni ko'rsatdi.
Ular o'yinni nazorat qilishga urinishdi, gol urishga va yana bir qancha vaziyatlarga ega bo'lishdi. Afsuski, uchinchi golni ham o'tkazib yubordik va bu biz uchun juda ham og'ir bo'ldi», — dedi Kannavaro.