Uels milliy jamoasining sobiq vingeri Garet Beyl 2022 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyingi hayoti haqida fikr bildirdi.
«Futbolni sog‘indimmi? Yo‘q, unchalik emas. Men har doim hamma narsaning boshlanishi va oxiri bo‘lishini bilardim va faoliyatim yakuniga tayyorlanib kelganman. Shunchaki o‘ynash uchun o‘ynashni istamagandim.
Bu darajaga yetish uchun juda ko‘p narsalardan o‘tasiz. Men to‘qqiz yoshimdan buyon professional futbol bilan shug‘ullanganman va bu, ayniqsa bosim tufayli, insonga ta’sir qiladi.
Bir qadam ortga tashlab, o‘zimni qayta tiklash yoqimli bo‘ldi.
Hozir yana futbolni ko‘proq tomosha qilyapman. O‘g‘lim Aksel «Real» va «Tottenhem» muxlisi. U bilan birga futbol tomosha qilish va o‘yindan zavqlanish yoqimli. Faoliyat yakunida charchoq tufayli paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy hissiyotlar menda yo‘q», — deya Beylning so'zlarini keltirdi Sports nashri.
Ma’lumot uchun, Garet Beyl faoliyati davomida «Sauthempton», «Tottenhem», «Real» va «Los-Anjeles» safida o‘ynagan. U Uels milliy jamoasi tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri hisoblanadi.