Angliya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Jo Hart JCH-2026da foydalanilayotgan o‘yin to‘pi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi to‘p darvozabonlarga ko‘ringanidan ham tezroq uchib kelmoqda.
«Ochig‘ini aytsam, menda bu to‘p darvozabonlar kutganidan ancha tezroq uchayotgandek taassurot qoldiryapti. Jordan Pikford to‘p tomonga harakatlanadi, ammo baribir ulgurmay qoladi.
Kimdir: «Nega darvozabon to‘pni kafti bilan emas, bosh barmog‘i bilan qaytardi?» deb so‘rashi mumkin. Menimcha, bunga sabab to‘p unga juda tez yetib kelgan», — dedi Hart BBC'ga bergan intervyusida.
Sobiq posbon ushbu fikrni Angliyaning Xorvatiya ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozongan uchrashuvi misolida keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 guruh bosqichi 27 iyunga qadar davom etadi. Har bir jamoa uchta o‘yin o‘tkazadi va har bir guruhdan eng yaxshi ikki terma jamoa hamda sakkizta eng yaxshi uchinchi o‘rin sohibi pley-off bosqichiga yo‘l oladi.