Live
6
O'zbek

Xavi: «Messi — futbolning Maykl Jordani»

Futbol
21 iyun, 12:02
«Barselona» afsonasi Lionel Messining noyob iste’dodi va JCH-2026dagi o‘yini haqida fikr bildirdi.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Xavi: «Messi — futbolning Maykl Jordani»
Foto: Getty Images

«Barselona» klubi va Ispaniya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Xavi Ernandes Lionel Messi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi hamda argentinalik yulduzning hozirgi formasiga yuqori baho berdi.

«Messi haqida ilk bor yoshlar jamoasi murabbiyidan eshitganimda, bunga unchalik ishonmagandim. Ammo 2004 yildagi ilk mashg‘ulotdayoq ko‘zlarimga ishonmadim.

Karles Puyol, Viktor Valdes, Deku, Ronaldino — hammamiz bir-birimizga qarab, bu oddiy holat emasligini tushungandik. Leo atigi 16 yoshda edi, ammo deyarli darhol klubning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi», — dedi Xavi.

Ispaniyalik mutaxassis Messini sport tarixining eng buyuk nomlaridan biri bilan taqqosladi.

«Messi — futbolning Maykl Jordani. Unga o‘xshashi yo‘q. Ba’zida u oddiy inson emasdek tuyuladi. Agar uning o‘rnida boshqa futbolchi bo‘lganida, JCH-2022dagi g‘alabadan keyin faoliyatini yakunlagan bo‘lardi. Ammo Leo haqiqiy g‘alaba uchun yashaydigan sportchi. U yana bir bor jahon chempioni bo‘lishiga ishonadi», — dedi u.

Sobiq yarimhimoyachi Messining eng katta sirlaridan birini ham ochib berdi.

«U doimo atrofga qaraydi, maydonda nimalar bo‘layotganini uzluksiz kuzatadi. Hammasi uning boshida.

Ko‘pincha Messi maydonda shunchaki yurayotgandek ko‘rinadi, lekin aslida u vaziyatni tahlil qilayotgan bo‘ladi.

Men mubolag‘asiz ayta olamanki, u Inyesta, Buskets, Puyol yoki mening pozitsiyamda ham o‘ynay olardi va o‘sha joyning eng yaxshi futbolchisidek harakat qilardi. Bu bugun ham shunday», — dedi barselonaliklar afsonasi.

Xavi, shuningdek, JCH-2026da Jazoirga qarshi o‘yindan keyin Messiga yozganini ham aytib o‘tdi.

«Men Leoga yozdim va uning o‘yini hazildek tuyulayotganini aytdim. Uni tomosha qilib faqat kulish mumkin. U qilayotgan ishlar shunchaki aqldan ozdiradi», — dedi Xavi.

Eslatib o‘tamiz, Messi JCH-2026dagi ilk o‘yinda Jazoir darvozasiga het-trik qayd etib, jahon chempionatlari tarixidagi gollari sonini 16 taga yetkazgan va rekordni yangilagandi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Barselona Barselona
  • Argentina Argentina
Bugungi yangiliklar