Madridning «Real» klubi yozgi transfer oynasida amalga oshirilgan xarajatlarni muvozanatlashtirish maqsadida yarim himoyachilaridan birini sotishni ko‘rib chiqmoqda.
AS nashri xabariga ko‘ra, «qirollik klubi» Eduardo Kamavinga yoki Orelyen Chuameni bilan xayrlashishga tayyor.
Shu bilan birga, Federiko Valverdening ketishi variant sifatida umuman ko‘rib chiqilmayapti. Garchi urugvaylik futbolchiga Angliya klublaridan qiziqish bo‘lsa-da, Madrid rahbariyati uni kelajak loyihasining eng muhim futbolchilaridan biri deb hisoblamoqda.
Manbaga ko‘ra, Valverde keyingi mavsumda ham jamoaning asosiy tarkib futbolchisi bo‘lib qoladi. Biroq 27 yoshli yarimhimoyachi uchun yangi mavsum muhim ahamiyat kasb etadi.
Klub ichida uning imkoniyatlariga ishonch saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, Valverde o‘z o‘yini orqali rahbariyat va muxlislarning to‘liq ishonchini yana mustahkamlashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «Real» bu yozda bir nechta yirik transferlarni amalga oshirdi va klub budjetini muvozanatda ushlab turish uchun tarkibdagi ayrim futbolchilar bilan xayrlashish ehtimoli paydo bo‘lgan. Kamavinga va Chuameni esa ayni paytda transfer bozoridagi eng qimmat aktivlardan biri hisoblanadi.