Angliya milliy jamoasining sobiq himoyachisi Gari Nevill Jahon chempionati chorakfinalidan o'rin olgan Norvegiyaga (2:1) qarshi bahsda Jud Bellinghemning ko'rsatgan o'yiniga baho berdi.
23 yoshli yarimhimoyachi bu bellashuvda dubl qayd etdi.
«Jahon chempionati oldidan shubhalar bor edi — rostini aytsam, bu yerdagi har birimiz Rojers va Bellinghemdan qay birini tanlash kerakligi haqida o'ylaganmiz. Har doim Judni superyulduz deb hisoblaganmiz. Ammo eng yirik turnirda buni isbotlashi kerak edi.
Mening qizlarim 16 va 17 yoshda, ular futbolni yaxshi ko'rishadi va Bellinghemga juda havas qilishadi. Ular uchun u — haqiqiy qahramon. Hozir Angliyadagi har bir bola ushbu jahon chempionatini ko'ryapti va Jud Bellingemdek bo'lishni orzu qilyapti.
U mutlaqo fenomenal turnir o'tkazyapti. Rostini aytsam, bunday o'yinlaridan tanam junjikib ketadi. Biror ingliz futbolchisi o'z milliy jamoasiga yirik turnirda bunchalik katta ta'sir ko'rsatganini eslay olmayman. Men 1996 yilgi Yevropa chempionatida Pol Gaskoynni, 2004 yilgi Yevro musobaqasida Ueyn Runini, 1998 yilgi Jahon chempionatida Maykl Ouenni ko'rganman. Bularning barchasi ko'z o'ngimda sodir bo'lgan, ammo hech qachon hozirgidek ta'sirni ko'rmaganman. Bu — mutlaqo alohida daraja.
Har bir buyuk futbolchining faoliyatida o'zini eng katta sahnada ko'rsatishi kerak bo'lgan bir lahza bo'ladi. Aynan shu narsa uning merosini belgilaydi. Haqiqiy buyuk futbolchilar ana shunday paydo bo'ladi. Jud hozir aynan uning vaqti ekanini tushundi.
Barcha uning haqiqatan ham jahon darajasidagi futbolchi ekanini muhokama qilardi. Turnir oldidan men jamoamizda jahon darajasidagi yagona futbolchi deb Harri Keynni hisoblardim, Bellinghem va Deklan Rays esa so'nggi qadamni tashlashi kerak edi. Jud bu qadamni tashladi.
U jahon futboli cho'qqisiga ko'tarildi. Hozir biz sayyoramizning eng yaxshi markaziy yarimhimoyachisini ko'ryapmiz. Gap faqat uning gollarida emas. Uning maydonda qiladigan boshqa barcha ishlari ham uni haqiqiy mukammal futbolchiga aylantiradi.
U — Angliya milliy jamoasining asosiy yulduzi. Bu holat vaziyatni qanchalik o'zgartirayotganini tushunish kerak. U ajoyib Jahon chempionati o'tkazyapti: 6 ta gol, hujumda ham, himoyada ham fantastik o'yin. Harri Keyn ko'rsatayotgan ulkan yordamni ham unutmaslik kerak, ammo Bellinghem deyarli bir o'zi jamoani yarimfinalga olib chiqdi.
Chorshanba kuni biz Argentinaga qarshi o'ynaymiz. Bu — pley-off bosqichi va istalgan narsa sodir bo'lishi mumkin. Ammo hozir biz ko'rayotgan narsadan zavq olishimiz va bu lahzani qadrlashimiz kerak», — dedi Nevill ITV podkastida.
Nevill: «JCh oldidan Angliya safida jahon darajasidagi futbolchi faqat Keyn edi. Turnirda Bellinghem katta qadam tashladi»
Futbol
12 iyul, 17:55
Inglizlar sobiq himoyachisi jamoani mundial yarimfinaliga olib chiqqan yarimhimoyachini e'tirof etdi.
Foto: Getty Images
11.07.2026
AET
Jahon chempionati (JCH-2026)
Norvegiya
1
:
2
Angliya