Jahon chempionatining 1/8 finalida Argentina va Misr o'zaro bahs olib borar ekan, 2016 yilda Lionel Messi ishtirokida yuz bergan mojaro yana yodga olindi.
O'sha yili Messi Arabistonning MBC telekanaliga bergan intervyusida o'zining bir juft butsasini auksionga qo'yib, undan tushadigan mablag'ni Misrdagi xayriya ishlari uchun yo'naltirishni taklif qilgan.
Biroq bu tashabbus Misrda salbiy qarshi olingan. Ayrim siyosatchilar va jamoatchilik vakillari argentinalik futbolchining harakatini mamlakatni tahqirlash sifatida baholagan.
Jumladan, Misr parlamenti deputati Said Asasin o'zining o'ng tuflisini Argentinaga yuborishni va u bilan Messiga zarba berishni taklif qilgan. Misr futbol federatsiyasining sobiq vakili Azmi Megahed esa: «Butsalarini yaxshisi kambag'al argentinaliklarga bersin», — degan.
Mahalliy OAVning ta'kidlashicha, bunga arab dunyosidagi madaniy qarashlar sabab bo'lgan. Arab mamlakatlarida oyoq kiyimi ifloslik va tahqir ramzi hisoblanadi. Shu bois oyoq kiyimini sovg'a qilish yoki uning tag qismini ko'rsatish ayrim holatlarda haqorat sifatida qabul qilinishi mumkin.
Qayd etilishicha, Messi esa bu tashabbusni faqat xayriya maqsadida ilgari surgan va madaniy tafovutlar mojaroning yuzaga kelishiga sabab bo'lgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi